Jahon | 16:52 / 09.06.2015
1607
2 daqiqa o‘qiladi

MAGATE Qozog‘iston bilan uran banki yaratish bo‘yicha kelishuv tayyorladi

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Qozog‘iston hududida uran bankini tashkil qilish bo‘yicha shartnomani tayyorladi. Kompaniya bosh direktori Yukiya Amanoning so‘zlariga qaraganda, qo‘shimcha tarzda Rossiya bilan uran tranziti borasida kelishuv ham imzolanadi.

Ilgariroq Qozog‘iston hukumati Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan respublika hududida kam boyitilgan uran bankini tashkil qilish bo‘yicha kelishuv loyihasini ma'qullagani haqida ma'lumot berilgan edi.

Qozog‘iston 2010 yilda xalqaro kam boyitilgan uran banki depozitariyligiga nomzodini ko‘rsatgan edi. Qoidaga ko‘ra, u yerda xom ashyoning kichik miqdori saqlanishi kerak, shuningdek, bank yadroviy qurolga ega bo‘lmagan davlat hududida joylashishi talab qilinadi. Depozitariyga har qanday davlat murojaat qilib, o‘z atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i olishi mumkin bo‘ladi.

Taxminlarga ko‘ra, yangi bank mamlakat sharqidagi Ulbinsk metallurgiya zavodi negizida tashkil qilinishi mumkin. U ayni paytda yadroviy materiallar va nodir rangli metallar eksporti bo‘yicha milliy operator hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish