15:40 / 10.06.2015
13755

Afg‘on shafrani uchinchi marotaba dunyodagi eng yaxshi shafran deb topildi

Bryusseldagi Ta'm va sifat xalqaro instituti ketma-ket uchini marta afg‘on shafranini (za'faron – ziravor o‘simlik) dunyodagi eng yaxshi shafran deb topdi, deb xabar bermoqda afg‘on OAVlari. Afg‘on shafrani dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan 300 dan ortiq namunadan eng yaxshisi deb topildi.

Uch yulduz ko‘rinishidagi mukofot institut tomonidan topshiriladigan eng nufuzli maqom hisoblanadi.

Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston o‘tgan yili ushbu ziravordan 4 tonna yetishtirgan va 23 ta viloyatga ushbu o‘simlik urug‘idan tarqatib chiqqan.

Shafran Afg‘oniston iqlimida ko‘knori o‘rnini bosuvchi istiqbolli qonuniy o‘simliklardan biri hisoblanadi.

Shafran – to‘q sariq rangdagi ziravor va oziq-ovqat bo‘yog‘i hisoblanadi. U shafran guli urug‘chilarini quritish yo‘li bilan olinadi. O‘tmishdan eng qimmatbaho ziravorlardan biri hisoblanadi, chunki uni yetishtirish juda sermashaqqat ish bo‘lib, bitta gul bor-yo‘g‘i uchta urug‘chi beradi. 1 kg shafran ziravorini olish uchun esa 200 mingta gul talab etiladi. Dunyoda yetishtiriladigan butun shafranning 90 foizi Eronda yig‘iladi.

Top