16:45 / 10.06.2015
2114

AQSh savdo vazirining o‘rinbosari o‘zbekistonlik yosh iste'dodlarga to‘xtalib o‘tdi

AQSh savdo vazirining global bozorlar bo‘yicha o‘rinbosari Arun Madxavan Kumar O‘zbekistonga rasmiy safar uyushtirdi. Safar doirasida u hukumatda, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida, savdo-sanoat palatasida uchrashuvlar o‘tkazdi, shuningdek, GM Powertrain Uzbekistan avtomobil dvigatellari ishlab chiqaruvchi zavodda bo‘ldi.
Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘ldi.
“Ekonomicheskoye obozreniye” nashriga bergan intervyusida janob Kumar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan struktur islohotlarga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
“Biz O‘zbekistonning iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga qaratilgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, – ta'kidlab o‘tdi u. – Bu jihatdan AQSh kompaniyalarining ko‘pchiligi O‘zbekistonda biznes yuritishda ajoyib hamkor bo‘lishlari mumkin”.
Shuningdek, u General Motors zavodiga uyushtirgan tashrifidan qolgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Vazir o‘rinbosari bir necha yil ichida kompaniya bozorda katta muvaffaqiyatlarga erishganidan xursandligini bildirib o‘tdi.
Bundan tashqari, Arun Kumar O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyurganini va mamlakatdan katta taassurotlar bilan qaytayotganini ma'lum qildi: “Men O‘zbekiston xalqining mehmondo‘stligi va joylarning go‘zalligidan ta'sirlandim. Samarqandga tashrif buyurish orzusi ham ushalish arafasida”.
“Bu yerda iste'dodli yoshlar ko‘p ekan, – qo‘shimcha qildi u. – Bu haqda zavodga tashrifimiz chog‘ida ham amin bo‘ldik”.

Top