Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 2016 yilning oxiriga qadar “Yagona oyna” bojxona axborot tizimi ishga tushiriladi
O‘zbekistonda 2016 yilning boshiga “yagona oyna” tizimini sinovdan o‘tkazish, 2016 yilning oxiriga qadar esa to‘liq foydalanishga kiritish rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish boshqarmasi boshlig‘i Abdusobirjon Saidov.
Bu loyiha Janubiy Koreya hukumatining 5,5 mln dollarlik granti hisobiga amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreya tomonidan Koreya Halqaro hamkorlik agentligi (KOICA), O‘zbekiston tomondan Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu loyihaning ijrochi agentliklari hisoblanadi.
Birgalikdagi tadqiqotlar yakunlariga ko‘ra, KOICA mutaxassislari tomonidan 2014 yilda master-reja taqdim qilindi va 2015 yilning 1-choragida “yagona oyna” tizimi dasturiy ta'minoti namoyish qilindi. Bu tizim O‘zbekiston konunchiligi asosida ishlab chiqilgan hamda Koreyaning “Uni-Pass” tizimi texnologiyasiga yaqinlashtirilgan. Ayni paytda KOICA mutaxassislari tomonidan dasturiy ta'minot va axborot xavfsizligi tizimini nihoyasiga yetkazish ishlari olib borilmoqda.
Bojxona xizmatini “yagona oyna” yagona bojxona axborot tizimini tatbiq qilish orqali modernizatsiya qilish loyihasi O‘zbekistonda eksport-import va tranzit operatsiyalarini tartibga solish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.
Yangi tizim yordamida ma'muriy tartibotlar optimallashtiriladi va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari hamda mos muassasa va tashkilotlar o‘rtasida axborot almashishning samarali mexanizmi evaziga mahsulotlarni eksport-import qilishdagi to‘siqlar kamaytiriladi.