11:01 / 10.06.2015
3724

Qishloq xo‘jaligi vazirligi: sovuq tushishi mevali bog‘larga salbiy ta'sir ko‘rsatdi

Joriy yilda O‘zbekistonning ayrim tumanlarida qisqa muddatli sovuq tushishi mevali bog‘larga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Kun.uz tahririyatiga yuborgan xatida aytilgan.
Tahririyat vazirlikka murojaat qilib, oxirgi oylarda bozorlarda mevalarning narxi oshishining sabablariga qiziqib ko‘rdi; xususan, Rossiyaga meva eksport qilishning ortib ketishi bunga sabab bo‘lishi mumkin ekanligi haqidagi axborot qay darajada haqiqatga mos ekanligini aniqlashga harakat qilindi.
Javob xatida ta'kidlanishicha, qisqa muddatli sovuqlar mevalar hosiliga salbiy ta'sir o‘tkazib, bu qisman narxlarning ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan.
Eksport masalasiga kelganda, aholini meva-sabzavot mahsulotlari bilan to‘liq ta'minlash bilan bir qatorda ichki iste'moldan ortiqchasinigina chet davlatlarga chiqarish belgilangani ta'kidlandi.
“Buning uchun respublikaning tegishli vazirlik va tashkilotlaridan Ishchi guruh tuzilgan, ular tomonidan eksport hajmlari nazorat qilib boriladi. Shu bilan bir qatorda Rossiya davlatiga ham meva-sabzavot mahsulotlari eksportga chiqarilishi belgilangan”, – deyilada xat matnida.

Top