Jahon | 18:13 / 10.06.2015
3640
2 daqiqa o‘qiladi

Videobloger Jyeyms Kingston dunyoda birinchi bo‘lib Uembli stadionining arkasi ustiga chiqdi

Videobloger, alpinistchi va parkur ustasi Jyeyms Kingston dunyoda birinchi bo‘lib Londondagi Uembli stadionining 130 metrlik gigant arkasi yuqorisiga chiqdi. Bu haqda BuzzFeed xabar bermoqda.

Kingston odatda baland inshootlarga ruxsat olmay turib chiqadi, biroq bu gal u ruxsat olishiga to‘g‘ri keldi. Angliyaning eng yirik sport inshooti cho‘qqisini zabt etishga ruxsat olish 3 oy vaqt talab etdi, uning amalga oshirilishi detallarini muhokama qilishda 30 kishi ishtirok etdi.

Tadbirning homiysi sifatida Britaniyaning 4GEE mobil operatori ishtirok etdi, Kingston bu operatorning kamerasini reklama qilishi kerak edi. Tashqi ko‘rinishi GoPro kamerasiga o‘xshash bu qurilma mobil tarmoq orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri transltsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Belgilangan kunda 24 yoshli Kingston straxovkadan foydalangan holda stadionning 130 metrlik arkasiga chiqdi. Bu orada uni turli tomonlardan bir nechta kamera suratga oldi. Kingstonning aytishicha, u stadionning cho‘qqisiga chiqishga 8 yil avval – u ochilgandayoq qaror qilgan.

Kingston BBC telekanaliga bergan intervyusida parkur va yuqorilarga chiqish bilan balandlikdan qo‘rqish hissidan xalos bo‘lish uchun shug‘ullanishni boshlaganini aytdi. Buning uchun unga “katta sabot va mashg‘ulotlar kerak bo‘ldi”.

YouTube da Kingston ishtirokida balandlikda bir nechta parkur va harakatlanishlar aks etgan roliklar joylashtirilgan. Ulardan eng ommaviysi – Sautgemptondagi qurilish kranining zabt etilishi 3,6 mln namoyish yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.

Bundan tashqari, Kingstonning instagramda 78 ming obunachiga ega profili mavjud bo‘lib, parkurchi u yerda balandliklarni zabt etgan tasvirlarini chop etib boradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish