O‘zbekiston | 01:03 / 10.06.2015
4672
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin yillarda O‘zbekistonda 30 ta konteyner terminali quriladi

Yaqin yillarda O‘zbekistonda konteyner terminallari miqdori 30 tagacha yetkaziladi, yuk aylanmasi tizimida konteyner orqali tashishlar 20 foizga yaqinni tashkil etadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda konteyner orqali tashishlar 7 foizni tashkil qilmoqda. 2020 yilda bu raqam 20 foizga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Yiliga 500 ta turli modifikatsiyadagi konteyner ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan, Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi (AMBIT) va Biznes-logistikani rivojlantirish uyushmasi Latviya aloqa vazirligi va Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etgan “O‘zbekiston-Latviya-YeI davlatlari transport koridori” deb nomlangan xalqaro anjumanda aytilganidek, 2011-2015 yillarda O‘zbekiston transport sohasiga 7 mlrd dollar kiritilgan. Soha rivojlanishining zaruriy sur'atlarini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonda transport sektoriga investitsiyalar 2030 yilgacha 47 mlrd dollarni tashkil qilishi kerak.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi ekspertlarining baholashicha, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘rta muddatli istiqbolda 8 foizlik o‘sishini ushlab turish uchun yuk tashishlar hajmi yiliga o‘rtacha 9,2 foiz oshib borishi kerak.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish