10:25 / 10.06.2015
3712

ZTE jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlamoqda

Agar bir necha yil avval mobil sanoat rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini G‘arb kompaniyalari belgilab bergan bo‘lsa, hozirda Osiyolik ishlab chiqaruvchilar bozorda yetakchi hisoblanadi. Ular orasida Xitoyning ZTE kompaniyasi alohida o‘rin tutadi. Mazkur maqolada biz uning tarixi haqida so‘z yuritamiz.
ZTE korporatsiyasiga 1985 yilda Xitoyning Shenchjyen (Shenzhen) shahrida asos solingan bo‘lib, uning bosh qarorgohi hozir ham ayni maskanda joylashgandir. ZhongxingSemiconductor Co., Ltd. Shenchjen erkin iqtisodiy hududida 2,8 mln. yuan miqdoridagi nizom jamg‘armasi bilan tashkil etilgandi.
Avval boshida kompaniya Xitoy armiyasini aloqa vositalari va boshqa elektrotexnika usukunalari bilan ta'minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal qilish uchun shakllantirilgandi. ZTE mahsulotlari orasida oddiy fuqarolar uchun faqat elektron soat, simli telefonlar va boshqa nisbatan sodda iste'mol elektrouskunalar bor edi, xolos, chunki mahsulotning asosiy qismi harbiylar uchun mo‘ljallangandi. Shunday bo‘lsada, kompaniya chetdan tushgan buyurtmalarni bajonudil bajarardi.
1986 yilda kompaniya qoshida tadqiqot va ishlanmalar bo‘limi (R&D) tashkil etildi. O‘shanda ushbu bo‘limda bor-yo‘g‘i 8 kishi ishlagandi. Markazning dastlabki loyihasi 68 kanalli analogli ofis avtomat telefon stansiyasini (PBX - Private Branch eXchange) ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. 1987 yilning iyun oyida ZTE tomonidan ishlab chiqilgan ichki kompyuter (Stored Program Controlled) bilan boshqariladigan ZX-60 telefon stansiyasi Xitoy pochta va telekommunikatsiya vazirligi tomonidan sertifikatlandi. Yangi mahsulot ZTEning telekommuniktsion sohadagi birinchi qadami bo‘ldi.


1987 yilda ZTE raqamli telefon stansiyalari sohasidagi tadqiqotlarini boshladi. O‘sha paytlarda Xitoy bu stansiyalarni chetdan import qilardi. 1989 yilning noyabr oyiga kelib kompaniya 500 ta liniyaga mo‘ljallangan raqamli ATS hisoblangan ZX500 stansiyasini ishlab chiqib, sertifikatladi. Bu ishlanma birinchi Xitoy raqamli ATS bo‘lib, uni ishlab chiqishda xorijiy kompaniyalarga tegishli intellektual mulkdan mutlaqo foydalanilmagandi. ZX500 ning takomiliga yetkazilgan variantini yalpi ishlab chiqarish 1990 yilning mart oyida boshlab yuborildi.
1992 yilning oxirida kompaniya qishloq joylarida va ofis markazlarida o‘rnatish uchun mo‘ljallangan operator tomonidan boshqariladigan kichik hajmli ZX500A raqamli ATSni ishlab chiqardi. Ushbu mahsulot Xitoy qishloqlarini jadal telefonlashtirish jarayonini boshlab berdi, ZTE uchun esa kelgusi rivojlanishning asosiga aylandi.
ZTE kompaniyasining hozirgi nomi - Zhongxing New Telecommunication Equipment Co., Ltd. bo‘lib, u 1993 yilning mart oyida qo‘yilgandi, yangi kompaniyaning nizom kapitali esa 3 mln. yuanni tashkil etdi. Zhongxing Semiconductor Co., Ltd. kabi, kompaniya state-owned and private-run tamoyili bo‘yicha qurilgan, ya'ni davlat va xususiy manfaatlar uyg‘unligiga asoslangan.
Yangi nom ostidagi ilk yutuq 1993 yilning noyabrida ZXJ2000 raqamli ATSni ishlab chiqarilishi bo‘ldi. Ushbu mahsulot Xitoyda National New Product of 1994 nomiga va Innovative Scientific Star mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu mukofot UN Technological Information Promotion System (TIPS)ning Xitoy bo‘limi tomonidan eng ilg‘or kompaniyalarga beriladi.
ZXJ2000ni ishlab chiqarishga qo‘yish bilan bir vaqtda ZTE tadqiqot markazi xususiy foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan hajmi 2,5 ming abonent bo‘lgan ATS ustida ish boshladi. ZXJ2000A deb nomlangan mahsulot 1994 yilning may oyida sertifikatlandi, uning paydo bo‘lishi esa o‘rta va yirik korxonalar, mehmonxonalar, temir yo‘llar va davlat muassasalarining telefon tarmoqlarini qurish uchun yo‘l ochdi.
1993 yilning sentabr oyida kompaniya Nankin shahrida tadqiqot institutini tashkil etdi. Bu tuzilma katta hajmdagi raqamli ATS bilan bog‘liq tadqiqotlar bilan shug‘ullanardi. Natijada 1995 yilning noyabr oyida ZXJ10 sertifikatlandi, uning hajmi 170 ming abonentni tashkil etdi. Xitoy pochta va telekommunikatsiyalar vazirligi mansabdorlarining fikricha, ZXJ10 «1990-yillardagi eng ilg‘or uskunalardan kam bo‘lmagan dunyo darajasidagi optimal model» bo‘ldi.
1994 yilning avgust oyida ZTE Shanxaydagi ilmiy-tadqiqot institutiga asos soldi. Uning faoliyati asosiy yo‘nalishi simsiz mahsulotlar va axborot tarmoqlaridan foydalanish uskunalariga qaratildi. Mazkur institutda ishlab chiqilayotgan tarmoq mahsulotlari Telekommunikatsiyalar va pochta bo‘yicha Bosh direktoratning (Directorate General for Telecommunications and Post, DGTP) ekspertlar guruhi olqishiga sazovor bo‘ldi va “Xitoydagi eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilg‘or uskunalar” sifatida tavsiflandi.
1995 yili ZTE kompaniyasi ISO9001sifat menejmenti tizimi sertifikatiga ega bo‘lgan Xitoydagi dastlabki ishlab chiqaruvchiga aylandi. Amalda ushbu sertifikatsiya kompaniyaga telekommunikatsion asbob-uskunalar yetkazib beruvchisi sifatida jahon bozoriga yo‘l ochdi.
1996 yilning fevral oyida ZTE kompaniyasi “uch yo‘nalish” konsepsiyasini ilgari surdi. Unda Xitoy telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish rejasi bayon etilgandi. Birinchi yo‘nalish operatorlik va abonentlik asbob-uskunlardan iborat faqat kompleks mahsulotlarni rivojlantirishdan iborat edi. Ikkinchi yo‘nalish – ichki bozor ehtiyojlari, shu jumladan, qishloq joylarini aloqa bilan ta'minlash, uchinchi ustivor yo‘nalish xorijiy bozorlarga chiqishdan iborat bo‘ldi. 1996 yilga kelib ZTE Xitoyning 300 ta eng yirik kompaniyasi qatoridan joy oldi, uning aktivlari qiymati esa 400 mln. dollardan oshdi.
ZTE uchun dastlabki yirik xorijiy shartnoma Pokistonga qiymati 95 mln. dollarlik telekommunikatsion asbob-uskunalarni yetkazib berishdan iborat bo‘ldi. Bu nafaqat ZTE, balki butun Xitoy telekommunikatsiya sanoati uchun ilk yirik xorijiy shartnoma edi. Bir yildan so‘ng, 1999 yili, ZTE Islomobodda (Pokiston) o‘zining birinchi xalqaro vakolatxonasini ochdi. Shuningdek, 1999 yili ZTE ZXMVC3000 videokonferensiyalar tizimini Keniyaga yetkazib berish borasida shartnoma imzolandi. ZTEning xalqaro shartnomalari sonining jadal o‘sishi 2003 yilda boshlandi. O‘shanda kompaniya Hindiston va Jazoirning yirik operatorlari uchun CDMA-uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgandi. Bundan tashqari, 1998 yili kompaniya Xitoydan tashqarida R&D-markazlarini ocha boshladi. Masalan, ZTEning Amerikadagi R&D-instituti dasturiy ta'minot va CDMA2000 texnologiyasi bilan bog‘liq tadqiqotlarni boshladi. Hozirda kompaniya Xitoy, AQSh, Fransiya, Shvetsiyadagi 18 R&D-markazga ega.
1998-1999 yillar ZTEning Xitoy ichki bozoridagi o‘rnini mustahkamlash uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. Birinchidan, kompaniya birinchi xitoy ikki diapazonli ZTE189 telefonini chiqardi. Uni ishlab chiqishda foydalanilgan intellektual mulkka bo‘lgan barcha huquqlar Xitoyga tegishli edi. Ikkinchidan, Xitoyning China Telecom operatori bilan ilk shartnomani imzoladi.
2000 yili ZTE olinadigan sim-kartali jahonda birinchi CDMA-telefonni taqdim etdi. Biroq, abonentlik qurilmalari ZTE uchun faqat 2002 yildan boshlab strategik mahsulotga aylandi. 2001 yili esa kompaniya CDMA2000 1x standartidagi o‘z bazaviy stansiyasi sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va Xitoyda birinchi bo‘lib CDMA-tarmoq (hajmi 1,1 mln. abonent, operator China Unicom) qurilishini boshladi.
Shu yili ZTE Xitoyning o‘sish salohiyati eng yuqori bo‘lgan 50 ta eng ilg‘or kompaniyasi qatoriga kirdi va o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. 2002 yili Intelning Xitoy bo‘limi bilan hamkorlikda ZTE CDMA va UMTS standartlaridagi 3G asbob-uskunalari ustida ish boshladi. 2004 yili esa olimpiadada 16 ta olimpiya obektlari uchun asbob-uskunalar yetkazib beruvchi kompaniya sifatida tanildi. 2004 yilning o‘zidayoq Afrikada (ZTEning Tunis UMTS tarmog‘idagi uskunalari orqali) birinchi tijorat 3G-qo‘ng‘irog‘i amalga oshirildi. 2005 yilga kelib ZTE asbob-uskunlari 10 ta Yevropa davlatining 3G-tarmoqlarida ishlatilardi. Ichki bozorda esa ZTE eng yirik simsiz uskunalar yetkazib beruvchi kompaniyaga aylandi. BusinessWeek nashrining baholashicha, bu vaqtga kelib kompaniya axborot texnologiyalari sohasida ishlovchi «TOP-100» jahon reytingidan munosib o‘rin egalladi.
2006 yili biznesni baynalmilallashtirish jarayoni davom ettirildi – ZTE korporativ tuzilmani qayta tashkil etdi va abonentlik asbob-uskunalarini yetkazib berish borasida ikkita yirik shartnomani imzoladi. Bunda ZTEning hamkorlari Telus (Kanadaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi operatori) va France Telecom bo‘ldi. 2007 yili ZTE abonentlik uskunalarini sotib oluvchi xalqaro hamkorlar ro‘yxatini ko‘plab yetakchi operatorlar, shu jumladan, Vodafone, Telefonica va Hutchison kompaniyalari to‘ldirdilar. Operatorlik uskunalari bozoridagi muvaffaqiyatlar ham katta bo‘ldi. Xususan, 2006-2007 yil natijalariga ko‘ra, kompaniya CDMA-uskunalarini yetkazib berish borasida birinchi o‘ringa chiqdi va GSM-tarmoqlari uchun asbob-uskunalar yetkazib beruvchilarning TOP-4 yetakchi to‘rtligiga kirdi. 2007 yili ZTE xalqaro shartnomalaridan olingan foyda kompaniyaning butun daromadining 60% tashkil etdi va ilk bor ichki bozorda olingan foydadan oshdi. Bu kompaniya faqat xorijiy loyihalarga e'tiborini jamladi, degani emas – ichki bozorda uning hissasiga China Mobile uchun TD-SCDMA uskunalarini sotib olish bo‘yicha shartnomaning 51% to‘g‘ri keldi.
2008 yilning ko‘rsatkichlari yanada yuqori bo‘ldi. ZTE asbob-uskunalari va terminallari jahonning 100 ta eng yirik operatorlarining 51-tasida ishlatilayotgandi, Vodafone bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolandi (shu jumladan, operatorlik uskunalarini yetkazib berishga ham), abonentlik qurilmalarini yetkazib berish hajmlari bo‘yicha esa kompaniya jahon miyosida 6-o‘ringa chiqdi.
2009 yili ZTE o‘z LTE-yechimlarini taqdim etdi, HSPA+ (21 Mbit/s) tarmoqlari uchun asbob-uskunalarni ishlab chiqqani haqida e'lon qildi va Qualcomm bilan uning WCDMA-tarmoqlar uchun mo‘ljallangan chip tizimlarini takomiliga yetkazishga faol kirishdi. 2010 yili ZTE Xitoy abonentlik uskunalari bozoridagi eng yirik kompaniyaga aylandi (200 mln. terminal), 7 ta tijorat LTE-tarmoqni yo‘lga qo‘ydi va Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlaridan 50 dan ortiq LTE-tarmoq sinovlarini o‘tkazdi. Ichki bozor ham yoddan chiqarilmadi – ZTE TD-LTE tarmoqlarini rivojlantirish ustida faol ish olib bordi, buning uchun 2010 yili Expo on Emerging Industries of Strategic Importance ko‘rgazmasida munosib taqdirlandi.
ZTE kompaniyasi hozirda iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun 50 dan ortiq yechimlar taklif etmoqda. Xitoy kompaniyasi shuningdek istemolchilar uchun telefonlardan smartfon va planshetlargacha bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni taklif etmoqda. Bu mahsulotlarni bizning bozorda xarid qilish mumkin. ZTE smartfonlarining asosiy dasturiy platformasi – Android OT hisoblanadi.
ZTE O‘zbekiston bozorida ham faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz telekommunikatsion operatorlari – Ucell, Beeline, «Uzbektelekom» AK va boshqalar Xitoyning mazkur kompaniyasi asbob-uskunalaridan foydalanadilar.
2013 yilning iyulida ZTE O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida mobil telefonlar va ularning aksessuarlarini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlarni ishga tushirdi. Uyali telefonlar UZTE brendi ostida ishlab chiqarilmoqda. Hozirda korxona smartfonlarning oltita modelini ishlab chiqarmoqda.
ZTE yangi texnologiyalar va standartlarni ishlab chiqish ustidagi faoliyatini davom ettirmoqda. Masalan, kompaniya 5 avlod texnologiyasi (5G) ustida ishlamoqda. ZTE 2015 yili 5G sohasidagi tadqiqotlar va ishlanmalarga xarajatlarni ikki barobar ko‘paytirish niyatida va bu maqsadlarga 400 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflashni rejalashtirgan, vaholanki 2014 yili bu ko‘rsatkich 200 mlnni tashkil etgandi. Bundan tashqari, ZTE beshinchi avlod mobil aloqa bilan shug‘ullanuvchi muhandislar shtatini ham ikki barobarga ko‘paytiradi.

 

Top