22:10 / 11.06.2015
3618

AQShdagi mahbusning ma'shuqasi unga qochishga yordam bergani ma'lum bo‘ldi

Nyu-Yorkdagi qamoqxona xodimasi Joys Mitchell 6 kun avval shu qamoqxonadan qochib ketgan ikki nafar xavfli jinoyatchiga yordam bergani uchun tergov qilinmoqda, deb xabar bermoqda NBC telekanali.

Ikki nafar qochoq – Richard Mett va Devid Suet bir haftadan beri qidirilmoqda. Mett o‘zining ish beruvchisini o‘ldirgani uchun 25 yillik qamoq jazosini, Suet esa politsiyachini o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan edi.

Mitchell jinoyatchilardan biri – Mettga oshiq bo‘lib qolgani sababli qochoqlarni qamoqxonadan olib chiqib ketishga rozi bo‘lganini aytdi. Biroq oxirgi lahzada u qo‘rqib ketib, asabi taranglashganini bahona qilib, shifoxonaga yotib olgan. Biroq Mitchell rejalashtirilayotgan qochish haqida rasmiy xodimlarga xabar bermagan.

Jinoyatchilar po‘lat armatura bilan mustahkamlangan kamera devorlarida teshik ochib, quvur orqali emaklab o‘tib, qamoqxona tashqarisidagi oqava suvlar kollektoriga chiqishga muvaqqaf bo‘lishgan. Rasmiylar jinoyatchilar qo‘shni Vermont shtatiga qochgan bo‘lishini taxmin qilishmoqda. Jinoyatchilarni qidirishga Kanada hukumati ham qo‘shildi.

Top