AQSh hamda boshqa “Kuchli yettilik” davlatlari Rossiyaga nisbatan yangi va yanada ta'sirchan iqtisodiy va siyosiy cheklovlar joriy qilishga tayyor. Bu haqda AQSh prezidenti o‘rinbosari Jo Bayden Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk bilan Vashingtonda o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida bayonot berdi.
Uchrashuv yuzasidan Oq Uy matbuot xizmati tarqatgan xabarnomada yozilishicha, AQSh Minsk kelishuvlarining to‘la amalga oshirilishiga qadar Rossiyaga bosim o‘tkazishga tayyor.
Bundan tashqari, tomonlar islohotlar dasturini muhokama qilgani aytilmoqda. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashni davom ettirish zarurati borasida fikr almashilgan.