09:10 / 11.06.2015
3197

O‘zbekistonga FAO tomonidan ocharchilikka barham berish bo‘yicha sa'y-harakatlari uchun mukofot topshirildi

10 iyun kuni Rimda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga (FAO) a'zo davlatlarni ularning ocharchilikka barham berish bo‘yicha sa'y-harakatlari uchun mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgan va joriy yilda mukofotlangan 14 mamlakatdan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston 2001 yilda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga (FAO) a'zo bo‘ldi. Shu tariqa O‘zbekiston xalqaro ilg‘or tajribani o‘rganish, o‘z imkoniyatlarini namoyish etish, dolzarb masalalarni hal qilish yo‘llarini birgalikda ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. 

Davlat rahbari 2014 yilda “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ham shu haqda so‘z yuritdi. Konferentsiyada mamlakatimizda har yili 16 million tonnaga yaqin meva va sabzavot yetishtirilayotgani, aholi jon boshiga qariyb 300 kilogramm sabzavot, 75 kilogramm kartoshka va 44 kilogramm uzum to‘g‘ri kelayotgani va bu optimal, ya'ni maqbul deb hisoblanadigan iste'mol me'yoridan uch barobar ko‘p ekani ta'kidlandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston har yili dunyoning 80 davlatiga 180 dan ortiq turdagi sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilmoqda. 

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ishlab chiqaruvchilar oldiga 2020 yilda meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishni 2014 yilga nisbatan kamida 2,3 marta ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun qishloq xo‘jaligini isloh etish va modernizatsiya qilish, yerning meliorativ holatini va irrigatsiya tizimini yaxshilash, tuproq unumdorligi va hosildorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarni davom ettirish va chuqurlashtirish zarur. Bu borada xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlar topish, ularni saqlash, logistika va iste'molchilarga yetkazib berishning zamonaviy tizimini shakllantirish ham muhim masalalar sirasiga kiradi. 

O‘zbekiston ushbu istiqbolli vazifalarni inobatga olgan holda, FAO bilan samarali hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga qaror qildi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Joze Grasianu da Silvaning mamlakatimizga tashrifi bu borada muhim qadam bo‘ldi. Oliy darajada o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda ushbu xalqaro tashkilotning vakolatxonasini tashkil etish haqida kelishuvga erishildi. 

Buning natijasida 2014 yilda FAO vakolatxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Mamlakatimiz va xorijiy mutaxassislarning birgalikdagi sa'y-harakatlari yurtimiz qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirish, soha xodimlarining malakasini oshirish, ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or jahon tajribasini o‘rganish va O‘zbekiston tajribasini targ‘ib etishga qaratilgan. 

"Shu yilning mart oyida O‘zbekiston bilan FAO o‘rtasida umumiy qiymati qariyb 1,6 million dollarlik to‘rtta shartnoma imzolangani ushbu dasturni amalga oshirishda amaliy mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda", – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakilining o‘rinbosari Alisher Shukurov. 

Top