09:09 / 12.06.2015
3963

Yevroparlamentning Blatterni FIFA prezidentligidan zudlik bilan ketishga bo‘lgan chaqiruvi qondirilmadi

FIFA prezidenti Yozef Blatter o‘z o‘rnini muddatidan oldin topshirmaydigan bo‘ldi.

11 iyun kuni Yevropa parlamenti uni o‘z lavozimini zudlik bilan prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchiga topshirishga da'vat etgandi.

11 iyun kuni tegishli rezolyutsiyaga Yevroparlamentning Strasburgdagi sessiyasi doirasida ovoz berilgan. 10 iyun kuni ushbu rezolyutsiya loyihasi Yevroparlamentning barcha fraksiyalari tomonidan imzolangan, assambleya esa uni ma'qullagan.

Rezolyutsiya FIFA rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchini tayinlash taklifi hamda 2018 va 2022 yillardagi jahon chempionatlarini o‘tkazish uchun arizalar bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqiriqni o‘z ichiga olgandi.

"FIFA Yevroparlamentning bu rezolyutsiyasidan hayron bo‘ldi. FIFA prezidenti muddatidan oldingi saylovlargacha o‘z o‘rnida qoladi", deyiladi FIFA vakiliga asoslangan holda Agence France-Presse nashri.

Eslatib o‘tamiz, 27 may kuni AQSh bosh prokurori Loretta Linch FIFA korrupsiya mojarosidagi olti ayblanuvchi 24 yil ichida jami 150 million dollar pora olganini ma'lum qilgan edi. O‘sha kuni Tsyurixda FIFAning qator amaldorlari qo‘lga olingan bo‘lib, hozirda AQShga ekstraditsiyasini kutmoqda. Bu mojarolardan keyin Yozef Blatter beshinchi muddatda prezidentligini davom ettirmasligini ma'lum qilgan.

Tashkilot rahbarligi uchun muddatidan oldin saylovlar shu yilning 16 dekabrida o‘tkaziladi.

Top