10:19 / 13.06.2015
2351

Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori yangi “yashil” ish o‘rinlari yaratish zarurligini aytdi

Jyenevada iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashishga bag‘ishlangan oliy darajadagi uchrashuv ochildi. Bu uchrashuvda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Gay Rayder nutq so‘zladi.

Rayderning fikricha, agar to‘g‘ri strategiya tanlansa, unda “yashil” va kam uglerodli rivojlanish sharoitlarida 60 mln.ga yaqin yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishi mumkin. “Iqlim o‘zgarishi borasidagi hozirdagi harakatsizlik kelajakda qimmatga tushishi mumkin”, deb aytdi XMT rahbari XMT konferensiyasi doirasida o‘tayotgan Jahon mehnat sammitida.

Gay Rayder kam uglerodli rivojlanishga o‘tish yo‘lidagi chaqiriqlar va ustunliklarni ta'kidladi. U iqlim o‘zgarishi bilan kurashish millionlab yangi “yashil” ish o‘rinlarining yaratilishiga olib kelishi mumkinligini aytib o‘tdi. Gap qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish, atrof-muhitni saqlash, qishloq xo‘jaligi va sanoat, sayyohlik va boshqaruv sohasida mehnat unumdorligini oshirishga ko‘mak beruvchi ish o‘rinlari haqida bormoqda.

Sammitda AQShlik xonanda va prodyuser Farrell Uilyams ham ishtirok etdi. U xalqaro hamjamiyatni millionlab yoshlar mehnat qilish va ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan hozirgi vaziyatni o‘zgartirishga chaqirdi. Uilyams “yashil” va munosib ish o‘rinlari yoshlar orasida ishsizlik muammosiga javob bo‘lishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Top