Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent islom institutida bitiruvchilarning “XATMONA – 2015 ” tadbiri bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutida bitiruvchilarning “XATMONA – 2015 ” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari A.Mansurov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni mas'ul xodimi E.Ibragimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshig‘i M.Yo‘ldoshev, shuningdek, Toshkent islom universiteti, “Ko‘kaldosh” va “Xadichai Kubro” o‘rta maxsus islom bilim yurtlari vakillar, imom-xatiblar, TIIning faxriy ustozlari, institut professor-o‘qituvchilari, xodimlari, talabalari va bitiruvchilari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. So‘ng bitiruvchi talaba A.Qobilov tomonidan Qur'oni karim tilovat qilingach, Muftiy hazratlari duoi fotiha qilib berdilar.
Xatmona tadbirini kirish so‘zi bilan TII rektori H.Yuldashxodjayev ochib berdi. Shundan so‘ng davraga bitiruvchilarni tabriklash uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov taklif etildi. Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida bugungi kundagi tinchlik-xotirjamlikni qadriga yetib, Allohga ko‘p shukronalar qilish, ilm olishda to‘xtab qolmaslik haqida bitiruvchilarga nasihatlar qilib, ularni ushbu shodiyona bilan tabrikladilar va oq fotiha berdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni mas'ul xodimi E.Ibragimov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i M.Yo‘ldoshev ham so‘z olib, bitiruvchilarni muborakbod etdilar hamda ularga yurtimiz ijtimoiy-ma'naviy va diniy-ma'rifiy hayotida yanada faol ishtirok etib, Vatan ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilish kerakligini ta'kidladilar va bitiruvchilarga kelajakdagi ishlarida oq yo‘l tiladilar.
So‘ng o‘tgan o‘quv yilida institutdagi o‘quv, ma'naviy-ma'rifiy va jamoat ishlarida o‘zlarining fidoyiliklari, jonbozliklari va faolliklari uchun ustozlar va talabalarni taqdirlashga navbat berildi. Ularga O‘MI raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur faxriy yorliqlarni topshirdilar.
Tadbir davomida co‘z navbati bitiruvchilarga berildi. Ular o‘zbek, arab, ingliz va rus tillarida o‘z dil izhorlarini bildirdilar. Xatmona kechaga tashrif buyurgan qadrli ota-onalar ham so‘z olishdi. Bitiruvchilarni tabriklab, talabalarga shunday sharoitlarni yaratib bergan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga va TII jamoasiga samimiy minnatdorlik so‘zlarini aytdilar.
Tadbirning rasmiy qismi o‘z nihoyasiga yetgach, uning badiiy qismi boshlandi. Toshkent madaniyat kolleji kafedra mudiri, “Nihol” mukofoti sovrindori hofiz A.Jalilov boshchiligidagi san'atkorlar tomonidan milliy kuy va qo‘shiqlarning ijro etilishi xatmona kechasiga yanada fayz kiritib, tadbirning saviyali, ajoyib va ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta'minladi.
Kecha mehmonlari va ishtirokchilari uchun ziyofat uyushtirildi va ular bayram dasturxoniga taklif qilindi. Tadbir yakunida Muftiy hazrat bitiruvchi talabalar va barcha ishtirokchilar haqiga duo qildilar. So‘ng bitiruvchilar aziz mehmonlar va institut jamoasi bilan esdalik uchun suratga tushdilar.
J.Meliqo‘ziyev, TII prorektori.
Manba: muslim.uz