Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saakashvili Odessa shahri uchun yuqori intellektli politsiyachilarni va'da qilmoqda
Ukrainaning Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili Odessa viloyati strategik sessiyasining ochilishidagi nutqida yangi patrul xizmati yaratilishi haqida ma'lum qildi, deb yozmoqda UNIAN agentligi.
“Odessada avgust o‘rtasidan yangi patrul politsiyasi ishlashni boshlaydi. 16 iyunda Ichki ishlar boshqarmasining yangi rahbari tanishtiriladi”, deb aytdi Saakashvili.
Saakashvilining aytishicha, ayni paytda mahalliy militsiyaning bir qism xodimlari reyderlik bosqinlarida ishtirok etmoqda va giyohvandfurushlik bilan shug‘ullanmoqda.
“Yozning oxirida bundaylar qolmaydi. Bu yerda aqliy qobiliyati, muomalasi va ishining sifati bilan tubdan farq qiluvchi yangi patrul politsiyasi paydo bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Saakashvili.
Avvalroq Kanada Ukrainaning yangi patrul politsiyasining o‘quv mashg‘ulotlarini moliyalashtirishga 5 mln dollar ajratishni rejalashtirayotgani ma'lum qilingandi.