14:55 / 15.06.2015
2111

Samarqandda xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tadi

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zAning yozishicha, bir qator vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari mas'ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining Samarqand viloyatidagi ijrosini o‘rganish natijalari muhokama etildi.

Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta'minlash yuzasidan Samarqand viloyatida muayyan ishlar olib borilmoqda. OIV infeksiyasini yuqtirganlarga viloyat OITSga qarshi kurashish markazi, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, silga qarshi kurashish, onkologiya hamda teri-tanosil kasalliklari dispanserlarida, shuningdek, shahar va tumanlardagi tibbiyot birlashmalarida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish hamda kasallikni dastlabki bosqichida aniqlash maqsadida, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi, qon quyish markazi, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Ishtixon va Narpay tumanlari tibbiyot birlashmalari huzurida tumanlararo OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

«Qonun ijrosini o‘rganish natijalari OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi», deydi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining Yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Salohiddin Sanaqulov.

Majlisda joylarda OIV infeksiyasi profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirish va aholining xabardorligini oshirish, nikohlanuvchi shaxslar o‘rtasida kasallik tarqalishining oldini olish, doimiy yashash joyidan uzoq muddatga chiqib ketgan va qaytib kelgan fuqarolarning to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta'minlash kabi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Top