Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonda Ikkinchi jahon urushi paytida qamalda qolgan Leningraddan 150 nafar bolani boqib olgan ayol vafot etdi
Qirg‘izistonda Ikkinchi jahon urushi paytida qamalda qolgan Leningraddan Qirg‘izistonga evakuatsiya qilingan 150 nafar bolani boqib olgan ayol – Toktogon Altibasarova vafot etdi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston prezidenti Olmosbek Atambayev Toktogon Altibasarovaning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda mamlakat rahbari saytida ma'lum qilindi.
“Toktogon Altibasarova 16 yoshida Ikkinchi jahon urushi paytida qamalda qolgan leningradlik 150 nafar bolaning onasiga aylandi. U bolalarga g‘amxo‘rlik qildi va ularga yaqinlik va iliqlik hislarini ulashdi. Toktogon-aya ularning onalarini o‘rnini bosdi”, deb aytdi Qirg‘iziston prezidenti.
Toktogon Altibasarova Leningraddan Qirg‘izistonning Issiq-ko‘l viloyatiga kelgan bolalarni taqsimlash bilan shug‘ullangan. Urushdan keyin uning tarbiyalanuvchilari butun mamlakat bo‘ylab yoyilib ketishdi.
Toktogon-aya o‘zining front qatnashchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i bilan boqib olgan bolalardan tashqari o‘zining 8 nafar farzandini voyaga yetkazgan, ulardan 23 nabira va 13 evara ko‘rgan. Bag‘rikeng aya o‘zining ona qishlog‘i – Issiq-ko‘l viloyatining Kurmenti qishlog‘ida dafn etildi.