Jahon | 20:24 / 16.06.2015
3958
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda AQSh vizalari va pasportlari berilishi to‘xtatib qo‘yildi

Qozog‘istonda AQSh vizalari va pasportlari berilishi to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz portali. Bu haqdagi xabar AQShning Qozog‘istondagi elchixonasi saytida joylashtirildi.

Xabarda ma'lum qilinishicha, dunyo bo‘ylab AQSh elchixonalari pasport va viza tizimida texnik muammolar yuz bermoqda va bu muammo qandaydir bir davlat, fuqarolikni aniqlovchi hujjat yoki viza toifasiga bog‘liq emas.
“Biz qisqa fursatlarda bu muammolarni bartaraf etish va tizimimiz faoliyatini tiklash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqdamiz”, deyilmoqda xabarda.

“Yuqorida aytilgan texnik muammolar tufayli AQShning Ostonadagi va AQShning Olma-otadagi bosh konsulligi AQSh vizasini olish uchun 2015 yilning 9 iyuni va undan keyinroq topshirilgan arizalarni qayta ishlay olmayapti. 9 iyun va undan keyin noimmigratsion vizalarni olish uchun DS-160 anketasini topshirganlar o‘zlarining intervyularini bekor qilishlari lozim. Ostonadagi elchixona va Olma-otadagi konsullik o‘z faoliyatini to‘liq hajmda qayta boshlagandan keyin elchixona bu haqda ma'lum qiladi”, deb ta'kidlanmoqda saytda.

9 iyungacha viza olish uchun anketalarni to‘ldirganlar belgilangan kun va vaqtda suhbatlashish uchun kelishlari lozim. Biroq konsullik bo‘limlari ma'qullangan vizalarni konsullik tizimi to‘liq tiklanmagunga qadar bosib chiqarib bera olmasligi aytilmoqda.

AQShga viza olish uchun ariza beruvchining sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi favqulodda vaziyat, yaqin qarindoshi o‘limi yoki boshqa gumanitar vaziyatlar tufayli AQShga zudlik bilan borishi kerak bo‘lgan ariza beruvchilar shoshilinch suhbatlashishga ariza berish isntruktsiyalariga amal qilishlari lozim.

AQSh elchixonasi elchixona va Bosh konsullik tomonidan 26 may va undan keyinroq qabul qilingan pasport anketalari ham kechikish bilan qayta ishlanishi haqida ogohlantirdi. Bu vaqt mobaynida pasport olish uchun murojaat qilgan hamda yaqin 10 kun ichida AQShga safar uyushtirishni rejalashtirayotgan AQSh fuqarolari vaqtinchalik pasport olish uchun ariza topshirishlari mumkin.