Sport | 14:56 / 16.06.2015
2288
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik muxlislar Kapelloning iste'fosi uchun to‘lanadigan tovon pulini xayriya yo‘li bilan to‘plashga kirishdi

Rossiyalik bir guruh futbol muxlislari terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kapello bilan amaldagi shartnomani muddatidan oldin bekor qilish uchun to‘lanadigan tovon pulini xayriya yo‘li bilan to‘plashga kirishdi. Bu haqda «Interfaks» axborot agentligi xabar tarqatmoqda.

Manbaning yozishicha, rus internet foydalanuvchilari buning uchun maxsus Fabiogohome.Betfoot.Ru portalini ishga tushirishgan. Har bir ko‘ngilli foydalanuvchi har qanday miqdordagi summani mazkur saytda yaratilgan onlayn kassaga yuborishi mumkin.

«O‘ylaymizki, Rossiya futboli taqdiriga befarq bo‘lmagan har qanday muxlis. Terma jamoaning so‘nggi natijalaridan qattiq ranjidi. Internetdagi foydalanuvchilarning 80 foizi Kapelloning ketishini xohlamoqda. Shuningdek, sharhlovchilar, murabbiylar, turli futbol xizmatchilari va hatto futbolchilarning o‘zlari ham xuddi shu fikrga kelishgan», deyiladi saytda berilgan xabarda.

Portalda yozilishicha, RFI murabbiy bilan shartnomani bekor qilgan taqdirda Kapelloga 21,4 mln yevro tovon puli to‘lashi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya terma jamoasi YeVRO-2016 saralash bosqichi doirasidagi 6-tur uchrashuvida Avstriyaga imkoniyatni boy berib qo‘ygan va juda ko‘pchilik muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish