08:24 / 16.06.2015
2030

YouTube videoportali Twitch bilan raqobatlashishga qaror qildi

Google o‘zining eng yirik aktivlaridan biri – YouTube videoxostingi orqali faqatgina onlayn-o‘yinlarga bag‘ishlanadigan YouTube Gaming yangi saytini va mobil dasturini ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda kompaniyaning rasmiy blogida ma'lum qilindi. OAVlarning fikricha, yangi servis Twitch`ning asosiy raqobatchisiga aylanadi.

YouTube Gaming yaratuvchilari resursda 25 mingdan ko‘proq o‘yinning kanali taqdim etilishiga va'da berishmoqda. Foydalanuvchilar tomonidan yuklangan videolar ularning akkauntlarida aks ettiriladi. O‘zining shaxsiy onlayn-kanalini ishga tushirmoqchi bo‘lganlar endi YouTube`ga o‘xshab ma'lum vaqtga onlayn-translyatsiyaga buyurtma berishlariga to‘g‘ri kelmaydi. Translyatsiya sifati avvalgidek – bir soniyada 60 kadrligicha qoladi.

YouTube Gaming`ning yaratilishi barcha o‘yin kontentini bir joyda to‘plashga imkon beradi.

Google`ning yangi servisi foydalanuvchilarga o‘zini o‘yin o‘ynash paytida videoga olib, uni yuqori sifatda namoyish qilishga imkon beruvchi, 2012 yilda yaratilgan Twitch platformasiga raqobatchi bo‘lishi aytilmoqda. Twitch`ning har kungi auditoriyasi 100 mln.dan ko‘proq foydalanuvchini tashkil qiladi, ular real vaqt rejimida o‘yinlarning sharhlanuvchi translyatsiyasini va avvalgi yozuvlarni ko‘rishlari mumkin. 2014 yilda Twitch Amazon tomonidan 970 mln dollarga sotib olingan. Google`ning bu servisni sotib olmaganining sabablaridan biri sifatida gigantning antimonopol qonunchilikni buzishdan xavfsirashi bo‘lgan.

Twitch jamoasi Google`ning bu tashabbusiga kesatiq bilan javob berdi: "Xush kelibsan, 2-raqamli o‘yinchi. Meni Google+ ga do‘stlarga qo‘shib qo‘y” deb, Google`ning Facebook`ga raqobatchi bo‘ladigan ijtimoiy tarmoq yaratishdagi muvaffaqiyatsiz yakunlangan urinishiga sha'ma qilib qo‘ydi.

O‘yinlar videosi YouTube uchun ham muhim trafik manbai hisoblanadi, 2015 yilning mayida yuzlab ommaviy o‘yinlar kanali 6 mlrd.ga yaqin namoyish yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.

Top