18:12 / 17.06.2015
8302

Imkoniyatlari cheklangan shaxslarga ixtisoslashtirilgan kollej o‘quvchilariga mutaxassisliklarni tanlashida imkoniyatlar yaratib bermoqda

Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejida o‘z o‘quvchilariga mutaxassislikni tanlash hamda bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash borasidagi shart-sharoitlar yaxshilanmoqda. Bu haqda kollejning Kun.uz tahririyatiga yo‘llagan axborotnomasida aytiladi.
Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan respublika kasb-hunar kolleji O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojizlar, harakat tayanch a'zolari kasalliklari, zaif eshituvchi va kar-soqovlar, hamda umumiy kasalliklar bo‘yicha nogironlik guruhiga ega bo‘lgan 490 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Toshkent viloyati, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahri umumta'lim maktablarining bitiruvchilari kollej o‘quvchilar kontengentining asosiy qismini tashkil etishadi.
Bugungi kunda kollejda yettita yo‘nalish bo‘yicha ta'lim berilmoqda.
1. Buxgalteriya.
2. Tikuvchilik ishlab chiqarish.
3. Radiotexnika va teleapparaturalarga xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash;
4. Kompyuter va kompyuter tarmoqlarini ishlatish va ularning dasturiy ta'minoti.
5. Maishiy xizmat mashina va asboblarini ta'mirlash elektromexanigi;
6. Poyabzal ishi.
7. To‘quvchilik ishlab chiqarish.
Kollej quyidagi tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
1. Xalq ta'limi vazirligi.
2. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi.
3. Nogironlar jamiyatlari (O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati va Karlar jamiyati).
4. Nodavlat xayriya fondlari: “Sog‘lom avlod uchun” va “Qizil yarim oy jamiyati”.
5. O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi.
6. Toshkent davlat pedagogika universiteti.
7. Toshkent davlat to‘qimachilik va yengil sanoat instituti.
8. O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti.
Oxirgi paytlarda kollej o‘quvchilari turli sohalarda sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, kollej o‘quvchisi Zayniddinov Siroj 2011 yilda zaif eshituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro shaxmat musobaqasida faxrli 1-o‘rinni egalladi; 2012 yil 3-bosqich o‘quvchisi Shoberdiyev Yashin London-2012 paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi; 2013 yilda BAAda o‘tkazilgan xalqaro pauerlifting turnirida kollej o‘quvchisi Qo‘ziyeva Ro‘za ishtirok etib, sovrinli uchinchi o‘rinni egalladi. 2014 yil Koreya davlatining Inchaon shahrida suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Paroosiyo o‘yinlarida Abduxalilov Umid ishtirok etdi.

Top