Jahon | 19:38 / 17.06.2015
1871
2 daqiqa o‘qiladi

Nestle Afrikadagi xodimlari sonini 15 foizga qisqartirmoqchi

Shveytsariyaning dunyoda eng yirik oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Nestle Afrikadagi xodimlari sonini 15 foizga qisqartirmoqchi.

Kompaniya mintaqadagi o‘rta sinfning o‘sish sur'atlarini haddan ortiq yuqori baholab yuborgani sababli xodimlar ishdan bo‘shatilmoqda, deb aytdi Nestle ning Markaziy Afrika mintaqasidagi ijrochi direktori Kornel Krummenaxer The Financial Times nashriga bergan intervyusida.

Bu mintaqa 21 ta davlat, jumladan Keniya, Kongo demokratik respublikasi va Angolani o‘z ichiga oladi.

Krummenaxerning aytishicha, mintaqadagi savdolar hajmining oshishi Nestle Afrikani egallashni boshlagan 2008 yilda rejalashtirilgan darajadan past bo‘ldi. Oxirgi 10 yil ichida kompaniya mintaqaga deyarli 1 mlrd dollar investitsiya kiritdi.

Joriy yilda Nestle Ruanda va Ugandadagi ofislari faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi, kuzgacha esa 15 ta omborxonani yopishi mumkin.

“Bizda har oygi to‘lovlarni amalga oshirish uchun yetarlicha mablag‘ yo‘q. Bu qiskartirishlar tufayli biz keyingi yilda ziyonsiz ishlashga umid bildirmoqdamiz”, deb aytdi Krummenaxer.

Kompaniyaning Afrikadagi bo‘limi maoshlarni to‘lash va ishlab chiqarish uchun xomashyo sotib olish uchun Shveytsariyadagi bosh ofisdan mablag‘lar jalb qiladi va mahalliy banklardan kreditlar oladi.

Nestle butun dunyo bo‘ylab 460 dan ko‘proq fabrikaga ega. Kompaniya tarkibiga Nestle, Nescafe, KitKat, Gerber, Maggi va boshqa brendlar kiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish