Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2014 yilda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kollej bitiruvchilarining 87 foizi ish bilan ta'minlangan
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tasarrufida 70 yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalari Toshkent va Farg‘ona shaharlarida o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Kollejda Respublikaning barcha hududlaridan kelgan zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojizlar, harakat tayanch a'zolari kasalliklari, zaif eshituvchi va kar-soqovlar, hamda umumiy kasalliklar bo‘yicha nogironlik guruhiga ega bo‘lgan 490 nafar o‘quvchi tahsil oladi.
Toshkent viloyati, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahri umumta'lim maktablarining bitiruvchilari kollej o‘quvchilar kontengentining asosiy qismini tashkil etishadi.
Bugungi kunda kollejda yettita yo‘nalish bo‘yicha ta'lim berilmoqda.
1. Buxgalteriya.
2. Tikuvchilik ishlab chiqarish.
3. Radiotexnika va teleapparaturalarga xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash;
4. Kompyuter va kompyuter tarmoqlarini ishlatish va ularning dasturiy ta'minoti.
5. Maishiy xizmat mashina va asboblarini ta'mirlash elektromexanigi;
6. Poyabzal ishi.
7. To‘quvchilik ishlab chiqarish.
Bitiruvchi o‘quvchilarning nogironlik guruhlaridagi bo‘linishdan ko‘rinadiki, 2 guruh nogironlari 2014 va 2015 o‘quv yillaridagi bitiruvchi o‘quvchilar kontingentining asosiy qismini tashkil etadi. 1, 3 guruhlar va bolalikdan nogiron bitiruvchilar esa kontingentining nisbatan kamroq qismini tashkil etadi.
Bitiruvchi o‘quvchilarning kasalligi bo‘yicha bo‘linishiga ko‘ra tayanch a'zolarida nuqsoni bo‘lgan va zaif eshituvchi va kar soqov o‘quvchilar 2014 va 2015 o‘quv yillaridagi bitiruvchi o‘quvchilar kontingentining asosiy qismini tashkil etadi. Ko‘zi ojiz, zaif ko‘ruvchi va umumiy kasalliklari bo‘lgan bitiruvchi o‘quvchilar esa kontingentining nisbatan kamroq qismini tashkil etadi.
Bitiruvchi o‘quvchilarning yoshi bo‘yicha bo‘linishida esa 19 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar 2014 va 2015 o‘quv yillaridagi bitiruvchi o‘quvchilar kontingentining asosiy qismini tashkil etadi. 15 yoshdan 18 yoshgacha va 22 yoshdan yuqori bo‘lgan bitiruvchi o‘quvchilar esa kontingentining nisbatan kamroq qismini tashkil etadi.
Zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan sport zalida nafaqat jismoniy tarbiya darslari, balki o‘quvchilar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida faol ishtirok etib kelayotgan bir nechta sport to‘garaklari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar uchun shaxmat-shashka va maxsus futbol to‘garagi mavjud. Harakat tayanch a'zolari kasalligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun badminton, tosh ko‘tarish va pauerlifting to‘garaklari tashkil etilgan.
Yaratilgan sharoitlar o‘z natijalarini namoyon qilmoqda: kollej o‘quvchisi Zayniddinov Siroj 2011 yilda zaif eshituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro shaxmat musobaqasida faxrli 1-o‘rinni egalladi. 2012 yil 3-bosqich o‘quvchisi Shoberdiyev Yashin London 2012 paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 2013 yilda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan xalqaro pauerlifting turnirida kollej o‘quvchisi Qo‘ziyeva Ro‘za ishtirok etib, sovrinli uchinchi o‘rinni egalladi. 2014 yil Koreya davlatining Inchaon shahrida suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Paroosiyo o‘yinlarida Abduxalilov Umid ishtirok etdi.
Kollejda dars mashg‘ulotlaridan keyin o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun jami 9 yo‘nalishdagi 52ta to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda kollej kompyuter sinflarida, axborot resurs markazida, hamda lingofon xonasidagi barcha kompyuterlar ZiyoNET axborot-ta'lim tarmog‘i hamda internetga ulangan.
Bu esa o‘quvchilarga ta'lim berish jarayonlarida axborot- kommunikatsion texnologiyalarni joriy etishda muhim omil bo‘lmoqda. Kollej axborot resurs markazi fondida jami 9000 dona ilmiy, o‘quv uslubiy va adabiy kitoblar mavjud.
Kollej bitiruvchilarining ishga joylashish ko‘rsatkichlari yildan-yilga yaxshilanib borgan. 2011 yilda 70 foiz bitiruvchilar ishga joylashgan bo‘lsa, 2014 yilgi natijalarga ko‘ra, 87 foiz bitiruvchi ish bilan ta'minlangan.
Kollej quyidagi tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
1. Xalq ta'limi vazirligi.
2. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi.
3. Nogironlar jamiyatlari (O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati va Karlar jamiyati).
4. Nodavlat xayriya fondlari: “Sog‘lom avlod uchun” va “Qizil yarim oy jamiyati”.
5. O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi.
6. Toshkent davlat pedagogika universiteti.
7. Toshkent davlat to‘qimachilik va yengil sanoat instituti.
8. O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti.