21:48 / 18.06.2015
2580

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus vazirligida Shanxay universiteti delegatsiyasi qabul qilindi

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus vazirligida Xitoyning Shanxay universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida oliy ta'lim sohasida ikki tomonlama hamkorlik, Shayxan universiteti va O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda www.edu.uz.

Shanxay universiteti mexanika va mashinasozlik, arxitektura, dizayn va qurilish, axborot texnologiyalari va aniq fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan Xitoyning eng yirik oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Shanxay universiteti tarkibiga Shanxay hamkorlik tashkiloti jamoatchilik diplomatiyasi instituti kiradi. Bu institutda 2013 yildan Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi, jumladan, O‘zbekiston tadqiqotlari markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Bu institut yaqin orada “Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiyotning mustaqillikka erishilgandan keyingi rivojlanishi” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Xitoy bu anjumanda ishtirok etish uchun O‘zbekistonni ham taklif qilgan.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda chet tillarni o‘rganish tizimida xitoy tili alohida o‘rin egallashi ta'kidlab o‘tildi. Samarqand chet tillar davlat institutida Konfutsiy instituti muvaffaqiyatli tarzda faoliyat yuritishni boshladi, bu yerda xitoy tilidan ta'lim beriladi.

Ayni paytda Shanxay universitetida O‘zbekistonning 6 nafar fuqarosi ta'lim olmoqda. Universitet bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lishidan manfaatdorligi va O‘zbekistondan xitoy tili o‘qituvchilarini iloji boricha ko‘proq miqdorda malaka oshirishga qabul qilishga tayyor ekanligi bildirildi.

Top