15:02 / 18.06.2015
2865

O‘zbekistonda yashayotgan 600 mingga yaqin nogironga reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda

Ayni vaqtda O‘zbekistonda 600 ming atrofida nogiron istiqomat qilmoqda. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi axborot xizmati ma'lum qildi.

O‘zbekiston milliy matbuot markazida «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish masalalari borasida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida OAVga vazirlik tomonidan O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan 600 ming nafarga yaqin nogironlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar haqida ma'lumot berib o‘tildi.

Nogironlarni reabilitatsiya qilish maqsadida vazirlik tizimida 11ta markaz faoliyat yuritmoqda. Har yili bunday tibbiy muassasalarda 17,5 mingdan ziyod nogironlar reabilitatsiyadan o‘tkaziladi.

2015 yilning 1 iyun kuniga qadar 2971 nafar nogiron reabilitatsiya texnik anjomlari bilan ta'minlandi, bulardan 948 nafariga nogironlar aravachasi, 561 nafariga eshitish moslamalari, 491 nafariga qo‘ltiq tayoq, 971 nafariga hassa tayoqlar berilgan.

Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun Farg‘ona va Toshkent shaharlarida ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari faoliyat yuritmoqda.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tasarrufidagi «Muruvvat» va «Saxovat» uylari urush qatnashchilari hamda boquvchisini yo‘qotgan keksa nogironlarning jismonan va ruhan sog‘liqlari tiklanishida xizmat qilmoqda.

Top