12:55 / 18.06.2015
3148

Tailandda fil ikki kishiga hujum qilib qolishi oqibatida ulardan biri halok bo‘ldi

Tailandning sharqida fil hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi va yana bir kishi jarohat oldi. Bu haqda 17 iyun kuni mamlakat politsiyasi ma'lum qildi.

Noxush voqea Pattayidan 100 km janubroqda joylashgan Tailandning sharqiy sohilidagi Rayong viloyatining kurort zonasidagi restoranlardan birida sodir bo‘ldi. Fil egasi mahalliy va xorijiy sayyohlarga filni pulga ovqatlantirish imkoniyatini berib, pul ishlash bilan shug‘ullangan, deb xabar berilmoqda “Kxom Chat Lik” gazetasining internet-versiyasida.

Fil egasi restoranda ovqatlanib o‘tirgan erkaklar yonidan o‘ta turib ularga banan sotib olib filga berishni taklif qilgan. Erkaklar buni rad etishgan. Shu on plyaj yonidagi yo‘ldan birdaniga baland musiqa ovozi yangrab qolgan. Bu reklama roligi yozuvi yoqilgan holda shu yerdan o‘tib ketayotgan reklama avtomobilidan yangrayotgan musiqa bo‘lgan.

Fil keskin va baland musiqa tovushidan cho‘chib ketib, erkaklarga hujum qilib, ulardan birini tishlari bilan qorniga, ikkinchisining esa ko‘krak sohasiga oyog‘i bilan zarba bergan.

Ikkala erkak shifoxonaga yetkazilgan. “Frans Press” axborot agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, fil ko‘krak sohasiga zarba bergan erkak vafot etgan.

Fil egasiga yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish qonunini buzganlik, o‘limga olib kelgan mas'uliyatsizlik bo‘yicha ayblovlar e'lon qilindi.

Top