15:10 / 19.06.2015
2673

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibidagi "qaldirg‘ochlar" Yangi Zelandiya safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi

“Bunyodkor” jamoasi matbuot xizmati O‘zbekiston yoshlar terma jamoasidagi "qaldirg‘ochlar"ning jahon chempionati taassurotlari bilan qiziqib, ulardan intervyular olishdi.

Quyida terma jamoaning asosiy tarkibida o‘ynagan yosh futbolchilarning javoblari bilan alohida tanishish mumkin.

Dostonbek Hamdamov (“Bunyodkor” yarim himoyachisi): - Jahon chempionatidan yaxshi taassurotlar bilan qaytdik. Yurtimiz sharafini munosib himoya qilganimdan xursandman. Albatta, Senegalga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaganim juda-juda alamli bo‘ldi. Bu uchrashuv biz uchun juda muhim edi. Uchrashuvni maydon tashqarisida turib kuzatish naqadar qiyin ekanligini sezdim. Senegalga qarshi bahsda bizga omad yetishmadi. Shunday bo‘lsada, terma jamoaning o‘yinlaridan ko‘nglimiz to‘ldi.

Rustamjon Ashurmatov (“Bunyodkor” himoyachisi): - Albatta, chempionatni muxlislar, ota-onalar va mutaxassislar ham ko‘rishdi. Qolaversa, butun Osiyo ham O‘zbekistonning o‘yinlarini kuzatib bordi. Chunki, chorak finalda qit'amiz sharafini faqatgina biz himoya qildik. Lekin bizga Senegalga qarshi uchrashuvda omad yetishmadi. O‘yinimiz ko‘pchilikka ma'qul keldi, deb o‘ylayman. Natijadan esa qoniqdik yoki qoniqmadik deb aytish biroz mushkul. Chunki guruhdan qiyinchilik bilan chiqib, Avstriyaga qarshi bahsda jamoaviy o‘yin hisobiga g‘alaba qozondik. Dunyoning kuchli 8ta davlati qatoridan o‘rin egallanimiz ham yaxshi natija.

Mirjamol Qosimov (“Bunyodkor” yarim himoyachisi): - Bu musobaqa bir umr hammamizning yodimizda qoladi. Chunki guruhda qiyin bellashuvlar o‘tkazishimizga qaramay, qolgan bahslarda o‘zimizni o‘nglay oldik. Shaxsan o‘zim ko‘rsatgan o‘yinim borasida gapiradigan bo‘lsam, futbolchi "ko‘nglim to‘ldi", deb o‘ylamasligi kerak. Faqat yanada yaxshiroq o‘ynashga harakat qilish lozim. Natijadan esa qoniqish hosil qildik, deb ayta olaman. Albatta, biz yarim finalni orzu qilgandik. Oldin ham aytganimizdek o‘z oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yamiz. Lekin bu safar omad yetishmadi.

Zabixillo O‘rinboyev (“Bunyodkor” hujumchisi): - Bu safargi chempionat ancha qiziqarli va kurashlarga boy o‘tdi. Jamoa oxirigacha kurashdi. Natija bilan barcha futbol muxlislarini tabriklaymiz. Gonduras bilan bo‘lgan o‘yinda biz muhitga ko‘nikib ulgurmasimizdan birinchi mag‘lubiyatni qabul qilishimizga to‘g‘ri keldi. Senegalga qarshi uchrashuvda esa biroz toliqish ta'sir qildi, deb o‘ylayman. O‘zimning harakatlarimdan 80 foizga qoniqdim. Jahon chempionati oldidan to‘purarlikni maqsad qilgan edim. Lekin ba'zi vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yganim, natijalarimni pasaytirib yubordi. Lekin biz natijadan xursandmiz.

Akramjon Komilov (“Bunyodkor” himoyachisi): - Jahon chempionatidagi taassurotlarimga kelsak, juda qiziqarli musobaqada ishtirok etib qaytdik. Ko‘rsatgan o‘yinimdan qoniqdim. Yashil maydondagi harakatlarim sekin-asta yuksalib bormoqda, deb o‘ylayman. Guruhning dastlabki ikkita uchrashuvida mag‘lubiyatga uchrab, Fijini yirik hisobdagi yengganimiz tufayli “pley-off”ga yo‘l oldik. Shunda ko‘pchilik bizni nimchorak finalga loyiq ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Lekin Avstriyani yengib, ishtirokimiz munosib ekanligini ko‘rsatib qo‘ydik. Eng asosiysi, O‘zbekistonga yorug‘ yuz bilan qaytib keldik.

Eldor Shomurodov (“Bunyodkor” hujumchisi): - Musobaqadagi minimum vazifani bajardik. Guruhdagi qiyinchiliklarga qaramasdan chorak finalda o‘ynaganimizdan xursandman. Ochig‘ini aytsam, so‘nggi turgacha guruhdan chiqishimizga ishondik. Senegal bilan o‘yinga kelsak, jismoniy holatimiz raqibni yengish uchun biroz kamlik qildi, deb o‘ylayman. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, jahon chempionatidan ko‘nglim to‘ldi. Xalqaro tajribam oshdi. Yevropaliklar bilan o‘zimizni solishtiradigan bo‘lsam, ulardan ustun jihatlarimiz ko‘pligini sezdim. Jamoaviy o‘yinimiz ularga qaraganda juda yaxshi shakllangan.

Otabek Shukurov (“Bunyodkor” yarim himoyachisi): - Avvalo, qanday yosh toifasida bo‘lmasin, jahon chempionatida ishtirok etish har bir futbolchi uchun muhimdir. Mundialda qatnashganimdan xursandman. Natijalarimizga keladigan bo‘lsam, juda yaxshi o‘ynadik, deya olmayman. Lekin yomon ko‘rsatkich ham qayd etmadik. Bundan yomoni ham bo‘lishi mumkin edi. Gonduras bilan kechgan o‘yinning dastlabki daqiqalarida o‘tkazib yuborilgan gol bizni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. O‘sha o‘yinda asosiy maqsad faqat g‘alaba edi. Shuning uchun ham o‘yinni birinchi raqam ostida o‘tkazdik. Tezkor goldan so‘ng oldinga o‘tdik, shoshma-shosharliklarga yo‘l qo‘ydik. Natijada xatolar yuzaga keldi. Afsuski, hayajonni yengib, o‘zimizga kelganimizda o‘yin vaqti tugab bo‘lgandi. Shunga qaramasdan keyingi uchrashuvlarni yaxshi o‘tkazdik va chorak finalgacha yetib bordik. Senegal bilan o‘yinda omad bizdan yuz o‘girdi, deb o‘ylayman.

Top