Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Usoma bin Ladenning o‘g‘li AQShga otasining o‘limi haqida guvohnoma olish uchun murojaat qildi
2011 yili yo‘q qilingan terrorchi Usoma bin Ladenning o‘g‘li AQSh hukumatiga murojaat qilib, otasining o‘limi haqida guvohnoma berishni so‘ragan. Bu haqda WikiLeaks portali tomonidan oshkor etilgan navbatdagi maxfiy hujjatda ko‘rsatilgan.
AFP’ning ma'lum qilishicha, AQShning ar-Riyoddagi elchixonasidan yo‘llangan 70 ming maktubdan birida bu faktlar ko‘rsatilgan. WikiLeaks vakilining aytishicha, bu xatlar Saudiya Arabistoni TIVga tegishli 0.5 mln maktubning bir qismi, xolos, qolganlari endi oshkor etiladi.
AQShning Saudiyadagi bosh konsuli Glen Kayzer tomonidan imzolangan maktub 2011 yil 9 sentabrida, bin Ladenning o‘limidan 4 oy keyin uning o‘g‘li Abdulla bin Ladenga yo‘llangan. Ta'kidlanishicha, Usoma bin Ladenning o‘limi haqida guvohnoma mavjud bo‘lmay, harbiy harakatlar chog‘ida halok bo‘lganlarning hujjatlari masalasida bunday holat tez-tez kuzatib turiladi.
Shu bois Kayzer guvohnoma o‘rniga Abdulla bin Ladenga AQSh adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni yuborgan. Bu hujjatlarda birinchi raqamli terrorchining o‘limi munosabati bilan qidiruv ishlari to‘xtatilgani aytilgan.
“Umid qilamanki, AQSh ma'muriyatining bu hujjatlari sizga va oilangizga foydali bo‘ladi”, – deyiladi maktubning nihoyasida.