19:00 / 21.06.2015
7819

Futbol bo‘yicha Yaman termasi fuqarolik urushiga qaramay 2018 yilgi Jahon chempionatiga intilmoqda yoxud o‘zbekistonlik futbolchilar o‘rnak olsa bo‘ladigan haqiqat


Yamanda futbol 5 yildan beri falajlangan. Isyonchi xusiychilarning doimiy ravishda faollashishi oqibatida u yerda na milliy chempionat, na terma jamoa o‘yinlarini o‘tkazishning imkoni bo‘lmay qolgan – futbolchilar batamom formadan chiqib ketmaslik uchun unda-bunda to‘p tepib turishadi. Bunday sharoitda Yamandagi futbol borgan sari so‘lib borayotgan bir paytda o‘lganning ustiga tepgan qilib mamlakat futbol federatsiyasi binosiga bomba tashlandi. Binoning yarmi vayronaga aylandi. Binoda mamlakatda tinchlik hukm surgan paytni eslatuvchi faqatgina birgina timsol – binoga kiraverishdagi katta oq-qora to‘p qoldi. Mahalliy futbol amaldorlari o‘z qarorgohlariga boshqa oyoq bosmayotganlari tufayli bino eshiklari mixlab tashlangan.

Urush paytida futbolni rivojlantirish besamar ishdir. Aviazarbalar natijasida mamlakatdagi ko‘pchilik o‘yingohlar va mashg‘ulot maydonlari vayronaga aylangan, xomiylar ushbu obektlarni tiklash uchun pul bermayapti. Yaman terma jamoasi vakillarining aytishicha, avvalgi futbol infratuzilmasidan bor-yo‘g‘i 1 foizigina qolgan.

“Hech kim to‘laqonli mashg‘ulot o‘tkaza olmayapti. O‘yinchilar uyda o‘tirib, boshqa davlatlarda o‘tkazilayotgan mashg‘ulot yig‘inlarini kutib o‘tirishga majbur bo‘lmoqdalar. Barchasi urush oqibatida vayron bo‘lgan”, deb aytmoqda Yaman termasi bosh murabbiyi Miroslav Soukup.

Chexiyalik mutaxassis Yamanga 2014 yilning bahorida – u yerda endigina xusiychilar va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida qurolli nizo yuzaga kelayotgan paytda kelgan edi. To‘qnashuvlar oqibatida xusiychilar mamlakatning katta qismini nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi va Fors ko‘rfazi davlatlari bu holni konstitutsiyaga qarshi o‘tkazilgan davlat to‘ntarishi deb hisoblab, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari harbiy koalitsiyasi Yamanga bostirib kirishni boshladi. Bu harakatlar Saudiya Arabistoni Harbiy-havo kuchlarining aviazarbalari bilan qo‘llab-quvvatlanib turildi.

“Men Yamandagi bunday hayotga ko‘nikishim qiyin bo‘ldi, ko‘chalarda odamlar Kalashnikov avtomatlari bilan yurar edilar. Bunga ko‘nikish oson ish emas. Har 3-4 oyda hammasi boshdan oyoq o‘zgarmoqda. Bir kuni ertalab terma jamoa menejyeri telefon qilib: “Uyda o‘tir, bu yerda ikki tomon orasida kurash ketmoqda, inqilob bo‘lishi mumkin. Ehtiyot bo‘lib, hech qayerga chiqmay o‘tir” deb aytdi. Shunga o‘xshash narsa bu yerda muntazam ravishda sodir bo‘lib turadi”, deb aytmoqda Soukup.

Urushga qaramay, Yaman 2018 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqichining 1-raundida Pokiston ustidan g‘alaba qozonib (3:1, 0:0), musobaqaning guruh bosqichiga yo‘l oldi va endi u yerda O‘zbekiston, Bahrayn, Filippin vap Shimoliy Koreya bilan kurash olib boradi.

“Bilasizmi, boshing tepasidan bombalar uchib turganda Pokiston ustidan g‘alaba haqida ko‘pchilik odamlar o‘ylaymaydilar ham. Futbolchilar ularning oilalari bombalar uchayotgan joyda qolganini bila turib diqqatni jamlab, o‘ynashlari qiyin kechadi. Biroq yigitlar agar ular yutsalar Yaman xalqi bundany xursand bo‘lishini biladilar. Ular uchun bu g‘alaba bunday dahshatli vaqtlarda qandaydir bo‘lsa ham bir yaxshi yangilik bo‘ladi”, deb ta'kidlamoqda Soukup.

Yamanliklar Pokiston ustidan mart oyida g‘alaba qozonganlaridan keyin deyarli 3 oy mobaynida na mashg‘ulot, na biron marta uchrashuv o‘tkazdilar. Yaman termasi o‘zining barcha uy o‘yinlarini Qatarda o‘tkazishga harakat qilmoqda, biroq iyunda u yerga borish juda murakkab ish bo‘ldi. Muntazam ravishda borayotgan jangovor harakatlar tufayli aeroport faoliyat yurita olmayapti, jang harakatlari hududiga tushib qolish xafvi yuqoriligi sababli huquq-tartibot muassasalari Doxaga avtobusda borishni man qilib qo‘ydi.

Doxaga yetib borish uchun eng uzun va noqulay variantdan foydalanishga: Jibutigacha 13 soat teploxodda va yerdan Doxagacha 5 soat samolyotda uchishga to‘g‘ri kelindi. Umumiy hisobda 20 soatlik yo‘l, vaholanki Yamandan Doxagacha samolyotda 2 soatda yetib olish mumkin.

 

Yaman sport vaziri Rafat Ali Al-Akxaliy olgan fotosuratlardan ko‘rinishicha, futbolchilar 13 soat davomida qattiq palubada o‘tirishga majbur bo‘lganlar.

“Bu fotosuratlardagi holatni ko‘rib his-tuyg‘ularimni qanday ifodalashni ham bilmayman. Bizning xalqimiz peshonasiga tushgan og‘ir aziyatlardan qayg‘u hissi bor. Birov hech narsaga qaramay musobaqalarga borayotgan futbolchilarimizda mag‘rurlik va qat'iyat bor. Umid qilamanki, biz tez orada vayronalar ostidan chiqib, Yaman kelajagini shunday odamlar qo‘li bilan qayta quramiz”, deb aytmoqda sport vaziri.

Natijada o‘yinlarga tayyorlana olmagan Yaman Shimoliy Koreya (0:1) va Filippinga (0:2) imkoniyatni boy berib, guruhda eng oxirgi o‘ringa tushib ketdi. Jahon chempionatiga chiqish endi murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda, biroq yamanlik futbolchilarda bundan oddiyroq orzu – juda bo‘lmasa 3 yilda bir marta o‘z uylarida o‘ynash orzusi bor.

Top