O‘zbekiston | 15:41 / 22.06.2015
4235
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi xodimi gibrid urushlar oldini olish uchun «beshinchi kolonna» faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini ta'kidladi

Markaziy Osiyo davlatlari turli yirik geosiyosiy kuchlar manfaatlari mavjud strategik hududdagi mamlakatlar sifatida qaralmoqda, deb yozmoqda «Hurriyat» gazetasi.

Gazetada e'lon qilingan Adliya vazirligi boshqarma boshligi Xudoyor Meliyevning «Gibrid urushlar: unda nohukumat tashkilotlarining ishtiroki» maqolasida yozilishicha, ayniqsa bu mintaqadagi nodavlat-notijorat tashkilotlar (NNT) va OAVni o‘z tomoniga og‘dirishga urinishlar ko‘p bo‘lgan va hozirgacha to‘xtagani yo‘q.

Uning yozishicha, O‘zbekiston mustaqillika erishgan dastlabki yillarda bir qator xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlarining vakolatxonalari ochilgan. Bunday kuchlar turli g‘arazli maqsadlarda moliyalashtirib turilgan. 2003-2005 yilda sohaga oid qonunlarning takomillashtirilishi natijasida bunday NNTlar faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Meliyevning qayd etishicha, «Yirik davlatlar zga mamlakatlarga geosiyosiy ta'sirini o‘tkazishda NNTlardan foydalanish davom etadi».

«Kelgusida geosiyosiy muhim hududda joylashgan mamlakatlar o‘z mustaqilligini saqlab qolishi uchun shubhasiz turli kuchlar tomonidan turli darajada tashkil etilishi mumkin bo‘lgan gibrid urushga qarshi tura olishi lozim. Buning uchun o‘z hududidagi milliy manfaatlarga zid tarzda xorijiy kuchlar uchun ishlaydigan barcha yuridik va jismoniy shaxslarni («beshinchi kolonna»ni) bilish, ular faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha puxta huquqiy asoslar va tizim shakllantirilishi va ishlashi lozim», deb yoziladi maqolada.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish