Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Joriy yilda Le-Burjye aviasaloniga rekord darajadagi 351 ming kishi tashrif buyurdi
Fransiyaning Le-Burjye shahrida bo‘lib o‘tgan 51-Xalqaro aerokosmik salonda tashrif bo‘yicha rekord o‘rnatildi. Ko‘rgazma tashkiliy qo‘mitasi Emerik d'Arsimolning aytishicha, joriy yildagi Le-Burjyega 351 ming kishi tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi natijadan 11 foiz ko‘proqni tashkil qildi.
Le-Burjye aviasaloni 15-21 iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. Uning ishida aviatsiya sohasining 151 mingdan ko‘proq vakili ishtirok etdi. Parij yaqinidagi bu tarixiy aerodromga ko‘rgazmaning oxirgi 3 kuni keng omma uchun ochiq bo‘lganda yana 200 ming kishi tashrif buyurdi.
Umumiy hisobda Le-Burjyeda tayyor samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha 934ta, aviatsion dvigatellarni yetkazib berish bo‘yicha 835ta, vertolyotlar bo‘yicha 142ta shartnoma imzolandi. Jahon aviasozligi yetakchilari – Airbus va Boeing kompaniyalari umumiy hisobda 100 mlrd dollardan ko‘proq qiymatga ega bitim tuzishdi.
Xususan, Boeing hisobiga umumiy qiymati 18,6 mlrd dollarlik 145ta qat'iy buyurtma hamda yana 57 mlrd dollarga 421ta samolyot sotib olish istagi bo‘yicha kelishuv to‘g‘ri keldi. Airbus hisobiga umumiy qiymati 16,3 mlrd dollarlik 124ta qat'iy buyurtma hamda yana 50,2 mlrd dollarga 331ta samolyot sotib olish istagi bo‘yicha kelishuv to‘g‘ri keldi.
Taqqoslash uchun, 2013 yili bo‘lib o‘tgan avvalgi ko‘rgazmaga 315 ming kishi tashrif buyurgan, shartnomalarning umumiy qiymati 150 mlrd dollargacha yetgan edi.
Le-Burjyedagi Xalqaro aerokosmik ko‘rgazma 1909 yildan berib o‘tkazilib kelinadi va aviatsiya sohasidagi eng yirik ko‘rgazmalardan biri hisoblanadi. Ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu ko‘rgazmaga yuz minglab odam tashrif buyuradi. Bu yili salonda 50dan ortiq davlatdan 2260 ishtirokchi qatnashdi.