14:51 / 22.06.2015
2529

Tbilisidagi suv toshqini oqibatida 50 dan ortiq sher, yo‘lbars va bo‘ri halok bo‘lgani ma'lum qilindi

14 iyun kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida yuz bergan kuchli suv toshqini oqibatida shahar hayvonot bog‘ida saqlanayotgan sher, yo‘lbars, ayiq, bo‘ri va sirtlon kabi jonivorlarning 50dan ortig‘i halok bo‘lgani ma'lum qilindi. Bu haqda jurnalistlarga hayvonot bog‘i direktori Zurab Guriyeledze xabar bergan.

"Ayni vaqtda toshqin vayron qilgan hududlar to‘liq tozalanmagan va bunday hududlardan yana bir qancha qurbon bo‘lgan jonivorlarning jasadi topilishi mumkin. Hisoblarimizga ko‘ra, yana bir sher va bir sirtlonning tirigi yoki o‘ligi aniqlanmagan. Ular erkinlikda yurgani taxmin qilinmoqda", deydi Zurab Guriyeledze.

Uning qo‘shimcha qilishicha, toshqin paytida yana son-sanoqsiz mayda jonivorlar va qushlar halok bo‘lgan. Ularning jasadlarini xaroba hududlardan chiqarib olishning imkoni bo‘lmayapti.

"Biz dunyodagi ko‘plab hayvonot bog‘lariga hayvonot bog‘imizning tiklanishida yordam ko‘rsatishlarini so‘rab, murojaat qilganmiz. Shuningdek, tirik qolgan jonivorlarni jiddiyroq tarzda parvarishlayapmiz", deydi u.

Top