07:17 / 23.06.2015
1871

Mourino Chexning "Arsenal"ga o‘tishiga qattiq qarshilik ko‘rsatgani ma'lum bo‘ldi

"Chelsi" jamoasi xo‘jayini Roman Abramovich Petr Chexning "Arsenal"ga o‘tishiga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lgan.

U chexiyalik bu darvozabon bilan uchrashgan va jamoada o‘tkazgan 11 yillik faoliyati uchun unga minnatdorchilik ramzi sifatida 4 mln funt taqdim qilgan. Shuningdek, unga o‘zi istagan jamoaga yo‘l olishi mumkinligini bildirgan.

Bu vaqtda esa jamoa bosh murabbiyi uni tarkibda ikkinchi darvozabon sifatida olib qolish uchun qattiq harakat qilgan. Mourino ayniqsa, Chex "Chelsi"ning APLdagi asosiy raqiblaridan biri bo‘lmish "Arsenal"ga o‘tishiga rozi bo‘lmagan.

Ma'lumot uchun, oxirgi mavsumda o‘zining asosiy tarkibdagi o‘rnini belgiyalik yosh darvozabon Tibo Kurtuaga boy bergach, 33 yoshli Petr Chex yangi mavsumdan boshqa jamoada o‘ynashga qaror qildi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Chex 11 mln funt evaziga "Arsenal"ga transfer qilingan, bu haqda yaqin vaqt ichida rasman e'lon qilinadi. Chex "Arsenal"da yozgi transferlar vaqtida "Fenerbaxche"ga yo‘l olishi kutilayotgan David Ospina o‘rnini egallaydi.

Top