17:41 / 23.06.2015
2008

O‘g‘lini kollejga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan poplik ayol 400 dollarga chuv tushdi

Pop tumanida yashovchi ayolning o‘rta maktabning to‘qqizinchi sinfini bitirayotgan o‘g‘lini kollejga kiritib qo‘yish maqsadida Ahror ismli yigit uning 400 AQSh dollari va 450 ming so‘m pulini aldab oldi. Bu haqda «Diyonat» gazetasi xabar tarqatmoqda.

Pop tumanida yashovchi ayol unga o‘g‘lini kelgusida ichki ishlar idoralariga ishga kiritish niyatida ekanligini aytib, qaysi kollejga kiritsam bo‘ladi, deb so‘radi, deb yozadi gazeta.

Ahror ismli shaxs unga yuridik kollejini maslahat berdi va o‘sha kollejda bir tanishi o‘qituvchi bo‘lib ishlashini, u bilan gaplashib ko‘rishini aytadi. Ikki kundan so‘ng, Ahror ayolga qo‘ng‘iroq qilib, “o‘g‘lim o‘qishga kirdi deb hisoblayvering” dedi va boshlanishiga 100 dollar so‘radi. Ayol unga 100 AQSh dollarini tutqazib yubordi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Ahror ayoldan yana 200 dollarni undirdi. Hech qancha o‘tmay yana ayolni qidirib kelib, anovi men gaplashgan o‘qituvchi Popga kelayotgan ekan, shunga pul kerak bo‘lib qoldi, deya turli vaj-korsonlarni pesh qilib, "mijoz"idan yana 100 AQSh dollari va 450 ming so‘m pul undirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shundan so‘ng Ahrorning yo‘qolgan: na telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bergan, na ko‘cha-ko‘yda ko‘ringan. Shundan so‘ng ayol bo‘lib o‘tgan voqea haqida Pop tumani ichki ishlar bo‘limiga xabar qildi. Tergov-surishtiruv jarayonlarida Ahror Bahromovning jinoyati o‘zining tavbasiga tayanib bergan iqrorligi, guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ashyoviy dalillar orqali to‘liq o‘z isbotini topdi. Ushbu ishni atroflicha ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudi uni Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topdi va qilmishiga yarasha qonuniy jazo tayinladi.

Top