15:43 / 23.06.2015
2738

Oliy harbiy bojxona institutida bitiruvchilarga diplomlar topshirish marosimi o‘tkazildi

Davlat bojxona qo‘mitasi Oliy harbiy bojxona institutida bitiruvchilarga diplomlar topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Davlat bojxona qo‘mitasi Rahbariyati, bojxona faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, ota-onalar qatnashdilar.

Tadbirda ta'kilanganidek, O‘zbekistonda boshqa sohalar qatori bojxona tizimi uchun professional kadrlar tayyorlash masalasiga ham jiddiy e'tibor qaratilib kelinmoqda. 12 yil muqaddam O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan Oliy harbiy bojxona institutining tashkil etilgan.

E'tirof etish joizki, o‘tgan vaqt mobaynida ushbu ta'lim muassasasida bojxona organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash, bojxona xizmatini jahon andozalari talablari darajasiga yetkazish, bojxona organlari faoliyatining shaklllari va usullarini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar tayyorlash borasida qator tadbirlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Zayniddin Nizamxodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev, Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi Zohid Do‘sanov va boshqalar bojxona xizmatining eng muhim mezoni – adolatli bo‘lish, qonunlarga og‘ishmay amal qilish ekanligini, bojxona xodimidan nafaqat o‘z kasbining sirlarini chuqur egallash, balki xalqimiz ma'naviyati hamda oliyjanob axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etishi zarurligini alohida ta'kidlashdi.

“Bojxona ishi” va “Bojxona huquqi” mutaxasisliklari bo‘yicha institutda tahsil olgan bitiruvchilar sharafli va ma'suliyatli xizmat faoliyatiga uchirma qilinayotgan to‘qqizinchi qaldirg‘ochlar hisoblanadi.

O‘qish jarayonida bitiruvchilar Davlat ta'lim standartlari asosida tasdiqlangan o‘quv rejalariga muvofiq iqtisodiy, huquqiy, gumanitar va fundamental fanlar hamda bojxona nazoratini tashkil etish, tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan boshqarish, valyuta nazorati, tezkor-qidiruv faoliyat, bojxona statistikasi va axborot texnologiyalari kabi fanlarni o‘zlashtirishdi.

Institutda 11ta kafedra, ixtisoslashgan dars xonalari, kimyo va kriminalistika laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulot maydonchalari, shuningdek, ikkita zamonaviy yotoqxona, kutubxonalar, sport majmuasi, trenajyor zallari, tir, yozgi va qishki suzish havzalari, tennis korti va boshqa zarur inshootlar tinglovchilar ixtiyorida. Ular orasida - texnik vositalarni qo‘llagan holda bojxona nazoratini tashkil etish hamda kontrabanda va bojxona qoidalari buzilishiga qarshi kurash yo‘nalishidagi sinflar, “Tovarlarning kimyoviy tarkibi asosida tasniflash va sertifikatlashtirish” ilmiy laboratoriyasi fan-texnikaning eng zamonaviy yutuqlari bilan jihozlangan.

Shu bilan birga, tinglovchilarga bojxona organlari faoliyatiga joriy etilgan yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari (YaAAT), Butunjahon bojxona tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Xalqaro savdoni engillashtirishning xavfsizlik standartlari”, xavfni baholash va boshqarish tizimi, radiatsion portal monitorlardan foydalanish va boshqa bir qator dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha maxsus kurslar o‘tkazildi.

Institutda olingan nazariy bilimlarni bevosita bojxona amaliyoti bilan uzviy bog‘lash, bo‘lajak bojxona xodimlarida tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni hosil qilish maqsadida, ularning DBQ markaziy apparati, hududiy bojxona boshqarmalarining bo‘limlarida, bojxona komplekslari va postlarida amaliyot o‘tashlari tashkillashtirildi.

Top