18:25 / 23.06.2015
2188

Toshkentda O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi

23 iyun kuni Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, bank-moliya, savdo-sanoat, sarmoya, bojxona, transport va transport kommunikatsiyalari, aviatashuv, elektrotexnika, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, komissiya hamraisi Rustam Azimov mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotganini alohida ta'kidladi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar 1996 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida erkin savdoga oid bitim asosida izchil rivojlanmoqda. MDH doirasida imzolangan Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi shartnoma ham bu yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilmoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi o‘sib borayotir. 2014 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 160 million AQSh dollarini tashkil qildi.

Tadbirda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi marralarga olib chiqish uchun ikki tomon ham ulkan imkoniyatlarga ega ekani qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish va turini kengaytirish, yuklarni tashish, tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

"O‘zbekiston Tojikistonning eng muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan. O‘zbekiston – Tojikiston qo‘shma komissiyasi majlislari o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini kashf etish va biznes borasida tajriba almashishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston bilan, fan va texnika, ta'lim, transport va transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz", – dedi Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, komissiya hamraisi Davlatali Said.

Top