Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Alibaba asoschisi Jyek Ma: “Men 12 yil maosh olmadim”
Jyek Ma shu yilning 18-20 iyun kunlari Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forum doirasida Rossiyaga ilk bora rasmiy tashrif bilan keldi. Bundan avval u Rossiyaga Alibaba tashkil etilguniga qadar sayyoh sifatida tashrif buyurgan.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad - Alibaba biznesi va taklif etayotgan imkoniyatlar haqida hukumat vakillari va tadbirkorlarga so‘zlab berishdan iborat. 19 iyunda Ma biznesdagi katta ma'lumotlar haqidagi “Informatsion texnologiyalardan ma'lumotlar texnologiyasiga: tijorat va savdo uchun yangi davr” (From IT to DT: A new era for commerce and trade) mavzusidagi nutqi bilan ishtirok etdi. Alibaba asoschisi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va rossiyalik hamda xorijlik tadbirkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ishtirok etdi.
Bundan tashqari, tashrif chog‘ida Jyek Ma “Pochta Rossii” bosh direktori Dmitriy Strashnov, Aloqa va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish vaziri Nikolay Nikiforov hamda Iqtisodni rivojlantirish vaziri Aleksey Ulyukayev bilan uchrashdi. “Yandeks” bosh direktori bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa kompaniyalarning o‘zaro hamkorligi to‘g‘risida suhbatlashdi va logistika va elektron to‘lovlar sohasida hamkorlar izlayotganligini bildirib o‘tdi.
Bugungi kunda elektron savdolar sohasida muvaffaqiyatli tarzda faoliyat olib borayotgan Alibaba kompaniyasi taraqqiyotiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganishdan avval uning asoschisi Jyek Ma biografisiga nazar tashlaymiz.

Ma Yun (Jyek Ma — bu taxallus) 1964 yilda boy bo‘lmagan musiqachilar oilasida dunyoga keldi. Shanxaydan 180 km. uzoqlikda joylashgan Xanjou shahrida ulg‘aydi. Maning bolaligi Madaniyat inqilobiga to‘g‘ri keldi. O‘sha davrda ko‘plab maktablar yopildi, Ma ingliz tilini mustaqil tarzda o‘rgandi. G‘arb sayohatchilari Xanchjouga kelishar edi, Ma ulardan ingliz tilini o‘rganish evaziga bepul ekskursiyalar o‘tkazgan. Sayyohlardan biri unga Jyek degan ism o‘ylab topdi.
Ma Xanchjou pedagogika institutiga ikki marta imtihon topshirib yiqilgan, biroq nihoyat institutga kirdi va 1988 yilda diplom olishga muvaffaq bo‘ldi. Jyek Ma olti yil davomida 12-15 dollar oylik maosh evaziga o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1995 yilda savdo delegatsiyasi tarjimoni sifatida ilk bora AQShda bo‘ldi. Do‘stlaridan biri unga internet qanday ishlashini ko‘rsatdi. Jyek Yahoo! ning qidirish qatorida “pivo” so‘zini kiritdi, biroq Xitoydan xech bir natija ololmagach, xitoy internet-kompaniyasini yaratishga qaror qildi. Xitoyga qaytgach, “Xitoyning sariq varaqlari” nomli onlayn-qo‘llanmaga asos soldi, biroq biznes muvaffaqiyat qozonmadi.
1998-1999 yillarda bo‘lajak milliarder Xitoy tashqi savdo va iqtisodiy hamkorlik vazirligi bo‘linmasini boshqardi. 1999 yilda rahbarlik lavozimidan ketdi va do‘stlarini Alibaba Group – kichik va o‘rta biznes uchun savdo maydonchasi yaratishga ko‘ndirdi. Ishlar muvaffaqiyatli tus ola boshladi: o‘sha yilning o‘zidayoq Alibaba Goldman Sachsdan 5 mln. AQSh dollar va SoftBankdan esa 20 mln. AQSh dollarini jalb etdi.
50 yoshli Jyek Ma Xitoydagi badavlat kishilardan biri hisoblanadi. Forbes talqinidagi milliarderlar global ro‘yxatida unga 33-o‘rin taqdim etilgan: jurnal Maning boyligini 24,5 mlrd. dollarga baholagan. IPO (Initial Public Offering - aksiyalarning birlamchi bozorda sotilishi)ning o‘zidan 867 mln. AQSh dollari ishlab olgan (Alibabaning umumiy qiymati 167,8 mlrd. AQSh dollariga baholangan). 2013 yilda Jyek Ma guruhning prezidenti lavozimidan ketdi va o‘rniga Jonatan Luni tayinladi, o‘zi esa direktorlar kengashi raisi bo‘lib qoldi. 2014 yilning bahoridan beri muruvvat fondini ham boshqarib kelyapti.
Yaqin kunlarda bergan intervyusida Jyek Ma nima uchun Rossiyaga aynan hozir sarmoya kiritish zarurligi, Alibabaning barcha rahbarlari 45 yoshdan kichik ekanligi va xato va strategik tanlov o‘rtasidagi farq nimadan iborat ekanligi haqida gapirib o‘tgan. Keling, ularni birma-bir ko‘rib o‘tamiz.
2015 yilda AliExpress Rossiyada yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazib, bir necha hamkorlik bitimlarini imzoladi. Bir qarashda Rossiya iqtisodiyoti inqirozni boshdan kechirayotgan bir davrda Alibaba tomonidan faol ekspanisiya amalga oshirilayotganga o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Jyek Maning bu boradagi fikri biroz o‘zgacha, o‘zgalar barchasi yaxshi deb o‘ylayotganida, Alibaba asoschisi biroz kutish kerak deb hisoblaydi, barcha talvasaga tushganida esa olg‘a intilish zarur ekanligini aytgan: “Har qanday iqtisodiyot ko‘tarilish va yiqilishlarni boshdan kechiradi. Bozor yiqilganida tayyorlanish uchun qulay fursat paydo bo‘ladi. Joriy iqtisodiy vaziyatda qanday muammolarga duch kelishimizga qaramay, kelajakda barchasi ijobiy tus oladi. Men hech qachon keyingi bir yil uchun reja tuzmayman, yaqin besh-o‘n yillikni ko‘zlayman”.
Darhaqiqat, Rossiyaga hozirgi paytda sarmoya kiritish arzon. Rossiyada ko‘p odamlar muammolar haqida gapirayotgan bir paytda Jyek Ma kelajak haqida ijobiy fikrlash zarur, deb hisoblaydi. Faoliyatining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u internet umuman rivojlanmagan deya o‘ylaganida buni a'lo darajadagi imkoniyat deb bilgan. E'tibor qiling: milliarderdan o‘rnak olishimiz kerak bo‘lgan xususiyat shundan iboratki, u kelajakka doim ijobiy nazar bilan qaraydi va yuzaga kelgan qiyinchiliklardan imkoniyat izlaydi.
Uning fikriga ko‘ra: “har qanday bozorga kelib, uni zabt etish uchun vaqt talab etiladi. Yaxshi biznesni qurish erta yoki indinga sodir bo‘lmaydi. Hozirga vaqtda Rossiya iqtisodiyoti yaxshi holatda emas, demak bozorga kirib olishning ayni payti. Besh yildan so‘ng Rossiya iqtisodiyoti tiklanishni boshlaydi”.
AliExpressning faoliyati hozirgi kunda Rossiyada muvaffaqiyat qozonyapti. Bunga Rossiya va Xitoy xaridorlari mentalitetidagi o‘xshashliklar ham sabab bo‘lmoqda. Xitoyda onlayn-savdolar yuqori ijobiy natijalarga erishganligining boisi savdo infratuzilmasi va moliyaviy tizim yaxshi holatda emasdi, internet kelishi bilan esa u taraqqiy etib bormoqda. Misol uchun, ikki-uch yil avval logistika shu darajada yomon ediki, Rossiyadan Xitoydagi buyumga AliExpress orqali buyurtma berilsa, uni yetkazish uchun 60-70 kun ketardi. Hozirda bu jarayon 20-25 kunni o‘z ichiga oladi. Logistika yanada yaxshilansa, Rossiyada bu sohada biznes qilish imkoniyati yanada ortadi.
Ko‘pgina tahlilchilarning fikriga ko‘ra, AliExpressning Rossiyadagi muvaffaqiyatga past narxlar sabab bo‘lmoqda. Albatta, ko‘pchilik qulay narxlarni tanlaydi. AliExpress tomonidan yetkazib berish ko‘p vaqt olishiga qaramay, xizmat ko‘rsatishning yaxshi darajasi va mahsulot sifati tufayli odamlar aynan AliExpressni tanlashmoqda. Agar to‘lov tizimi va yetkazib berish yaxshilansa, ishlar yanada ijobiy tus oladi.
Jyek Maning maqsadi Xitoy mahsulotlarini Rossiyada sotish emas. U Rossiyada tashkil etilgan kichik biznes orqali butun dunyoda mahsulot sotish xizmati haqida orzu qiladi. Rossiya iqtisodiyoti salbiy holatni boshdan kechirayotgan bir paytda, Jyek Ma Xitoyga mahsulot sotishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Bu mamlakatda 2,5 mln o‘rta qatlam vakillari bor. 15 yil o‘tgach, bu ko‘rsatkich tahminan 500 mln.ga yetadi. Ularda esa yaxshi mahsulotni sotib olishga bo‘lgan talab juda kuchli.
Xitoyda ham Rossiy mahsulotlariga talab bormikan, degan fikr paydo bo‘lishi tabiiy. Milliarderning fikriga ko‘ra, talab mavjud. Rossiyadan keltirilgan oziq-ovqat, kiyim-kechak xitoylik iste'molchilarda qiziqish uyg‘otadi. Ko‘pchilik Xitoyda kiyimlar yaxshi va arzon, deb hisoblashadi. Biroq qishki kiyimlar haqida gap ketganida esa Rossiyada tayyorlanadigan qishki bosh kiyimlar haqida alohida to‘xtalib o‘tish kerak.
Xitoyda hozirgi vaqtda Jyek Maning so‘zlariga qaraganda, Alibaba platformasida 10 millionga yaqin kompaniya savdo qilyapti.
Jyek Ma “Pochta Rossii” vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar – yetkazish muddatlarini 60 kundan 20 kunga qisqartirilganligini qadrlashi, logistikani yanada rivojlantirib, keyingi bir necha oy ichida bu ko‘rsatkichni yetti kunlik muddatga yetkazilishini bildirib o‘tgan. To‘lov tizimini yaxshilash bo‘yicha ham fikrlar keltirilgan. Alibabada AliPay to‘lov tizimi mavjud, kelajakda balki Russia Pay yaratilishi mumkin. Alibaba Rossiyaga sarmoya kiritishni boshlamoqda, ya'ni “Pochta Rossii” va moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqchi, bu esa 10 yil o‘tib, Rossiyada a'lo darajadagi onlayn savdo va uning uchun zarur bo‘lgan infratuzilma yuzaga kelishini anglatadi.
Jyek Maning fikricha, biznes qilish – kompaniyani sotib olish degani emas. Maqsad pul ishlash bo‘lganida, ular aynan shu model bo‘yicha ishlagan bo‘lishardi. Biznes bu – to‘yga o‘xshaydi. “Yaxshi, chakki emassan, kel turmush quramiz”, degan gap ketmaydi, deydi Ma. Turmush qurishdan avval qanchadir muddat uchrashish, bir-birini yaxshiroq bilish zarur.
Biznes bo‘yicha aytiladigan bo‘lsa, Rossiyada yaxshi biznes yaratish uchun bank, logistika sohalari vakillari bilan ko‘p muloqot o‘tkazish zarur. Rossiyadagi ko‘plab yoshlar internet va elektron savdolar ularning hayot tarzini o‘zgartira olishini yaxshi anglashlari lozim.
Bir necha kun avval Rossiyada Xitoy onlayn savdolar giganti JD.com ish boshladi. Rossiya bozorini egallashda ikki raqobatchining kurashi ham ahamiyatga ega bo‘ladi. Biroq shuni ham hisobga olish kerakki, ular biznes-modeli bo‘yicha bir-biridan farq qiladi: Alibaba butunlay elektron savdolar bilan shug‘ullanmaydi. U boshqalarga sotish va xarid qilishda ko‘maklashadi. Alibabaning maqsadi har bir kompaniya JD.com singari buyumlarni onlayn sotishni amalga oshirishidir. Bundan tashqari, Rossiya bozoriga ko‘proq qatnashchilar zarur, chunki Rossiyada onlayn-savdolar uchun salohiyat talaygina. Va nihoyat, yangi bozorlarga chiqish va rivojlanishga pul tikish uchun moliyaviy jihatdan barqaror kompaniya bo‘lish talab etiladi.
“Alibaba hamma joyda deyishadi, biroq bizda ham ko‘zlangan maqsad bor”
Bugungi kunda Alibaba shu darajada moliyaviy barqarorlikni qo‘lga kiritdiki, natijada boshqa kompaniyalarga ham sarmoya kiritish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Misol uchun, katta darajadagi investitsiyalardan biri Snapchat messenjeridir. Sarmoya kiritishda kompaniyani to‘g‘ri tanlay olish ham katta ahamiyatga ega. Chunki maqsad daromad olish, kiritilayotgan mablag‘ni yanada ko‘paytirishdan iborat. Bu borada Alibaba o‘z modeliga ega, sarmoya kiritishda kompaniya asosichilari emas, jamoalar mo‘ljallanadi. Ya'ni, jamoaning o‘zi amalga oshirayotgan ishga bo‘lgan ishonchi juda muhim. Misol uchun, ko‘p yillar muqaddam Xitoy bozorida Alibaba eBay bilan raqobat qila boshladi. Alibaba jamoa sifatida Xitoy bozorini sevardi va istiqbolda 10-20 yil ichida uni yaxshilay olishiga qattiq ishonardi. Bundan tashqari, ortga chekinishga joy ham yo‘q edi: eBaydan farqli ravishda u faqat Xitoy bozoriga ega edi va u g‘alaba qozondi.
Alibaba sarmoya kiritishga hamkor topganida u o‘sha kompaniyaga yordam berishga intiladi. Uning bu globalizatsiya modeli Amerikanikidan farq qiladi. Amerikaliklar yirik aksiyadorlar bo‘lishga harakat qilishadi. Alibaba esa hamkor izlaydi, pul tikadi va o‘sha kompaniya birinchi raqamli kompaniya bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
Yaqinda Alibaba Netflixga o‘xshash video xizmatni ishga tushirdi. Unda shaxsiy AliPay to‘lov tizimi va Cainiao logistika tizimi mavjud. Ya'ni bir necha sohalarda yangi-yangi ishlanmalarni amalga oshirmoqda.
Insonlar Alibabani kompaiya deb hisoblaganlari sababli uning qayerga qarab harakatlagayotganini tushunmaydilar. Jyek Ma esa Alibabani kelajakda jahon savdosini o‘zgartiradigan tashkilot, deb hisoblaydi. Uning asosiy maqsadi – kichik kompaniyalar ishini osonlashtirishdan iborat. Alibaba kompaniyalarga ular uchun zarur bo‘lgan – moliyaviy instrumentlar, logistika xizmati, ma'lumotlar to‘plami, tranchegaraviy savdo uchun imkoniyat bera oladigan platforma qurmoqda. Alibaba keyingi o‘n yillikda o‘zini aynan shu ko‘rinishda tasavvur qiladi.
Keyingi 10 yillik uchun tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Alibaba ikki N ni maqsad qilib olgan ya'ni health ("salomatlik") i happiness ("baxt"). Birinchi holatda sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirishga e'tibor qilinishi nazarda tutilsa, ikkinchisida yoshlar uchun kino, teatr va boshqa ko‘ngilochar hamda aloqa vositalarini haqidadir. Odamlar Alibaba har yerda deb hisoblashadi, biroq biz nishonga egamiz – kichik biznes va ikki N.
Ma'lumki, Alibabada rossiyalik ikki sarmoyador mavjud, xususan Alisher Usmonov va Yuriy Milner. Taajjubki, Jyek Ma ular bilan Rossiyaga qilgan joriy tashrifi doirasida uchrashishni mo‘ljallagan. U mazkur ikki sarmoyadorni o‘z do‘stlari deb hisoblashi, Alibabaga ishonch bildirganlaridan minnatdor ekanligini aytgan.
Hozirgi kunda Alibaba onlayn savdolaridan keladigan 2 foiz foydani xorijdan olmoqda. Jyek Ma bu ko‘rsatkichni 40 foizgacha oshirishni ko‘zlayotganini aytgan. Uning yaqin besh yil ichida Alibaba dunyodagi birinchi raqamli kompaniya bo‘lishi, uning yalpi savdolari hajmi maydonchalarda 1 trln. AQSh dollarini tashkil qilishi va bu summaning kamida 20 foizi Xitoy hisobiga to‘g‘ri kelmasligini prognoz qilgan.
Bu ko‘rsatichga erishish uchun esa bir necha omillar yordam beradi. Masalan, Xitoyda 1,3 mlrd. kishi yashaydi. 2014 yilda Alibaba savdolari hajmi Walmart darajasiga yetdi (kapitalizatsiyasi bo‘yicha esa 2014 yilning noyabr oyida Walmartdan o‘zib ketdi: 251 mlrd. AQSh dollari 246 mlrd. AQSh dollariga qarshi). Umuman olganda, faqat Xitoydagi hozirgi o‘sish sur'atlari hisobga olinadigan bo‘lsa, besh yildan so‘ng savdolar ko‘rsatkichi to‘rtta Walmartnikidek bo‘ladi.
E'tibor qiling, hozirda Xitoyda 800 mln. foydalanuvchi bor, savdolar esa 0,5 trln. AQSh dollarini tashkil qilyapti, salohiyat –global bozorni hisobga olmaganda 2 trln. AQSh dollariga teng. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa talab katta. AQSh aholisi 300 million dan ortiq agar u yerda Alibaba 100 million mijozni jalb eta olsa, bu yanada yaxshi natijalarga olib keladi.
Shunday ekan, joriy o‘sish sur'atlarida (Alibabaning daromadi 2014 yilning so‘nggi choragida 2013 yilning ushbu davriga qaraganda 40 foizga o‘sdi) dunyoda 1 trln. AQSh dollari darajasiga yetish uchun besh yildan kamroq muddat kerak bo‘ladi. Bazaga Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Rossiya va boshqa mamlakatlardan 2 milliard foydalanuvchi yig‘ilsa, kichik biznes uchun savdo maydonchasi sifatida katta e'tiborga sazovor bo‘ladi.
Alibaba Group
Alibaba Group Xitoydagi elektron savdolar bozorining 80 foizga yaqinini nazorat qiladi. Xolding biznesning bir necha yo‘nalishlarini birlashtirgan: Taobao, AliExpress, Tmall (onlayn savdolar uchun maydonchalar), AliPay (to‘lov tizimi), China Smart Logistic Network (logistika uchun platforma), Alibaba Cloud Computing (maxsus xizmat).
Xizmatlar Xitoydan tashqarida ham muvaffaqiyatli tarzda rivojlanyapti. Xususan, AliExpress Rossiyada eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlar o‘ntaligidan joy egallagan: TNS ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning may oyida uning oylik auditoriyasi 22,6 million kishiga yetgan.
Alibaba Groupning hozirgi rivojlanish bosqichida Goldman Sachs (5 mln AQSh dollari), SoftBank (20 mln AQSh dollari) miqdorida sarmoya kiritgan. V 2005 yilda Yahoo! Alibabaga 1 mlrd AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, 40 foiz guruhga ega bo‘ldi. 2012 yilda Alibaba 20 foizli paketni qayta sotib oldi. Alibaba sarmoyadorlari orasida Yuriy Milner va Alisher Usmanovning DST Global fondi, Glade Brook Capital Partners, Primavera Capital Group, CICC, Boyu Capital va boshqa fondlar ham mavjud kompaniya umumiy hajmi 4,8 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi jami yetti raundni jalb etdi.
2014 yilning 19 sentabrida Alibaba IPO o‘tkazdi. Bu Nyu-York birjasi tarixidagi ommaviy aksiyalarning eng yirik joylashtirilishi bo‘ldi: guruh 167,8 milliard AQSh dollari miqdorida baholandi. Moliyaviy hisobotga qaraganda, 2014 yilning so‘nggi choragida Alibaba 337 mln. faol xaridorlarga ega bo‘lgan. Oxirgi yil (2015 yilning 31 martida yakunlangan) uchun olingan daromad 76,2 milliard dollarni tashkil qilgan, bu esa o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 45 foizga yuqori, sof foyda esa 24,3 million AQSh dollarini tashkil qilgan (o‘sish 4 foiz).
Crunchbase bergan ma'lumotlarga qaraganda Alibaba sakkizta kompaniyani butunlay sotib olgan, AdChina reklama xizmati va AutoNavi kartografiya xizmati shular jumlasidandir hamda bir necha o‘nlab loyihalarga sarmoya kiritgan, masalan Snapchat messenjeriga 200 million AQSh dollari miqdorida pul tikkan.
“Menda bor pullar, menga tegishli emas”
Jyek Maning shaxsiy hayotdagi orzusi ko‘proq bo‘sh vaqtga ega bo‘lish. U 2015 yilning iyun oyining o‘zida beshta turli shahar va davlatlar: Nyu-York, Chikago, Yaponiya shaharlari, Braziliya, Rossiyada bo‘ldi. Hozirda kamroq sayohat qilishni istayapti. Talabalik davrlarida do‘stlariga kelajakda nonushtani Londonda, tushlikni Parijda va kechki ovqatni Buenos-Ayresda qilishini aytardi. Endi esa bu naqadar dahshatli ekanligiga amin bo‘ldi. Uning samolyoti uchuvchisi dunyodagi eng vaqti ziq bo‘lgan uchuvchidir, chunki Jyek Ma har kuni sayohat qiladi.
Ana endi kompaniyadagi islohotlar haqida: biroz muddat oldin Alibabada islohot o‘tkazildi: 1960-yillarda tug‘ilgan top-menejyerlar boshqaruv lavozimidan boshqa pozitsiyalarga o‘tkazildi. Ularning o‘rniga 1970-yillarda tug‘ilganlar tayinlandi. Alibaba jamoasida 1990-yillarda tug‘ilgan 3 ming nafar yoshlar ishlaydi, Jyek Ma ularga katta umid bog‘lamoqda.
Jyek Ma ham xatolar qilishdan mustasno emas. Unda ham moliya, xodimlarni ishga olish, hukumat bilan munosabatlar, operatsion faoliyat bo‘yicha kichik xatolar sodir bo‘lgan. Bu muammolarning barchasi ulardan tegishli xulosalar chiqarilishiga imkon bergan. Masalan, olti yil muqaddam birinchi bo‘lib mobil texnologiyalarga invetitsiya kiritishga qaror qilingan edi. Ikki yil o‘tgach, mobil poyga boshlandi va Alibaba uni quvib yetishiga to‘g‘ri keldi. O‘sha paytda qabul qilingan bu qaror xato ham strategik tanlov deb ham atalishi mumkin. Biroq u strategiyani tez orada almashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda Alibaba mobil onlayn savdolar segmentidagi dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi (iResearch bergan ma'lumotlarga qaraganda, 2014 yilning dekabr oyida Alibabaning mobil savdolar bozoridagi ulushi 86 foizni tashkil qildi. Kompaniya hisobotlariga qaraganda, guruhning barcha ilovalari faol foydalanuvchilarining oylik ko‘rsatkichi 265 millionni tashkil qilgan, bu esa o‘tgan yildagiga qaraganda 95 foizga yuqori).
Ko‘plab tadbirkorlar boyib ketgach, hayriya bilan shug‘ullanadilar. Jyek Ma ham bundan mustasno emas. U 50 yoshgacha pul qilishni, 50 dan keyin esa ularni aql bilan sarflashni o‘rganishga qaror qilgan. Jyek Ma unda bor pullar uniki emas: bu pullar – uning javobgarligi deb hisoblaydi. “Bir million AQSh dollari bor inson badavlat, u pullarini sarflashi mumkin, o‘n millionga ega bo‘lgach esa dollar kursi, pullarni qayerga sarmoya qilish haqida havotirlana boshlaysan, milliard dollarga ega bo‘lsang bu sening mulking emas: bu odamlar o‘zlariga qaraganda ko‘proq aql bilan ishlatish maqsadida senga ishongan holda bergan pullardir”, deydi milliarder.
Shuning uchun Jyek Ma Alibabaning 2 foiz aksiyalari yo‘naltirilgan fond tashkil qildi (hayriya fondi tashkil qilinishi haqida Jyek Ma va Alibabaning yana bir tashkilotchisi Jo Tsaf 2014 yilning aprel oyida e'lon qilishgan, ishga tushirilayotganda 2,4 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilgan). Hozirda unga 4 milliard AQSh dollari tikilgan va bu hali boshlanishi. Mazkur fond atrof-muhit, ta'lim, salomatlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, hayriya bilan shug‘ullanishni istagan iqtidorli yoshlar rivojiga ham hissa qo‘shadi. Buning uchun esa birgina istakning o‘zi kifoya, ko‘nikma va qobiliyat zarur.