19:59 / 24.06.2015
2505

AQShda xatolik tufayli umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan amerikalik 6,25 mln dollar tavon puli oladigan bo‘ldi

AQShda mahalliy sud hokimiyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato qaror tufayli tanishining qotilligida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan nyu-yorklik 52 yoshli Jonatan Flemingga 6,25 mln dollar tavon puli to‘lanadigan bo‘ldi. Fleming xatolik tufayli qamoqda umrining 24 yilini o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.

Jonatan Fleming 1989 yilda huquq-tartibot muassasalari xodimlari tomonidan Nyu-Yorkning Bruklin tumanida o‘z tanishining qotilligida gumon qilinib hibsga olingan. Sudda Fleming uning go‘yoki qurbonga o‘q uzayotganining guvohi bo‘lgan ayolning so‘zlariga tayanilib, aybdor deb topilgan edi. Flemingda jinoyat sodir etilgan paytda onasi bilan Floridada bo‘lganini tasdiqlovchi aviachipta bo‘lganiga qaramasdan, sud bu holatni inobatga olmagan.

2013 yilda Jonatan Fleming himoyasi qotillikning haqiqiy guvohini topgandan keyin barchasi Fleming foydasiga o‘zgacha tus oldi. Aniqlanishicha, guvohlik bergan ayol yolg‘on ma'lumotlar bergan va giyohvand bo‘lgan. Ayol o‘zidan boshqa bir jinoyat bo‘yicha gumonni soqit qilish ilinjida Flemingga tuhmat qilishga qaror qilgan.

Sud oshkor bo‘lgan yangi holatlarni inobatga olib, Flemingni aybsiz deb topib, u tomonidan so‘ralgan 162 mln dollar tavon puli evaziga 6,25 mln dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.

Top