11:17 / 24.06.2015
3922

Buxoro viloyatida harbiy qismning yangi chegara posti binosi foydalanishga topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi harbiy qismning chegara posti yangi binosi foydalanishga topshirildi

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, urush va mehnat fronti faxriylari, yoshlar ishtirok etdi. Prezident rahnamoligida mamlakat Qurolli Kuchlari tizimini takomillashtirish, vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi va sarhadlar daxlsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. 

Respublikaning janubi-g‘arbiy chegarasi hududlaridan birida zamonaviy infratuzilmaga ega yangi chegara posti majmuasida chegarachilarning o‘z jangovar tayyorgarligi, bilim, ko‘nikma va malakasini oshirishi, xizmat burchini muvaffaqiyatli o‘tashi uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Tadbirda chegara posti qurilishida alohida o‘rnak ko‘rsatgan quruvchilar taqdirlandi. Shuningdek, shartnoma asosida xizmat qiluvchi oilali harbiylarga xizmat uylarining kalitlari topshirildi. 

"Bizning uch kishilik oilamiz uchun ajratilgan xonadonda barcha qulaylik muhayyo. Sharoitlar shaharnikidan aslo qolishmaydi. Majmuada sport inshootlari va maydonchalari ham barpo etilgani farzandlarimizning sog‘lom voyaga yetishiga xizmat qiladi. Buning uchun biz, chegarachilar Prezidentimizdan minnatdormiz", – deydi katta leytenant Boburbek Abdullayev. 

Yangi chegara posti majmuasi harbiy xizmatchilarga vatan mustaqilligining 24 yillik bayrami oldidan ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Taniqli san'atkorlarning vatan, tinchlik, do‘stlik va yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi. 

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi. 
Top