O‘zbekiston | 15:41 / 24.06.2015
3702
3 daqiqa o‘qiladi

Islom taraqqiyot banki vakili Jiddadagi uchrashuv vaqtida taraqqiyotning "o‘zbek modeli" haqidagi fiklarini bildirdi

O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulligi tomonidan mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil qilindi.

Mazkur tadbirda xalqaro tashkilotlar va Jiddada akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalari, shuningdek, Saudiya sayyohlik kompaniyalari vakillari va yetakchi ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Davra suhbati chog‘ida qatnashchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida, shuningdek, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy va madaniy sohalarda erishilgan muhim ijobiy natijalar haqida batafsil ma'lumot berildi. Ular, shuningdek, “Keksalarni e'zozlash yili” davlat dasturini amalga oshirish jarayoni bilan tanishdilar.

Ayrim ishtirokchilar “Jahon” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyularida tadbir yakuni bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.

"Mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish, demokratik islohotlar va fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquq va manfaatlarini ta'minlashga hamda ularning turmush darajasi sifatini oshirishga qaratilgan.

Ijtimoiy himoya tizimi shakllantirish taraqqiyotning "o‘zbek modeli"dagi asosiy ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Mazkur sohadagi islohotlar markazida esa inson, uning hayoti va orzu-istaklari yotadi. Biz O‘zbekiston kelajakda yanada katta yutuqlarga erishishiga ishonamiz", deydi Islom taraqqiyot banki huzuridagi Xususiy tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi moliya institutlarini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Said Ahmad.
"Mustaqillik yillarida O‘zbekiston demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish, ta'lim, iqtisodiyot, savdo va sayyohlik sohalarini rivojlantirish borasida katta yutuqlarga erishdi. Yurtingiz shaharlari zamonaviy qiyofa kasb etmoqda, yangi inshootlar, avtomagistrallar va boshqa jamoat obektlari qurilmoqda", deydi “Al-Sharq al-Asvat” gazetasi muharriri Abdulmajid Abdulrauf Aziz.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish