Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Quyoshli” intellektual rivojlantirish oromgohida fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘g‘il-qizlar sog‘lomlashtirilmoqda
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga qarashli “Quyoshli” intellektual rivojlantirish oromgohida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi – 2015” hamda fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘g‘il-qizlar sog‘lomlashtirilmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisining o‘rinbosari T.Teshaboyev, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari B.Doniyorov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodga puxta bilim berish, ularni milliy an'ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, buyuk ajdodlarimizga munosib insonlar etib voyaga yetkazish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Ta'lim sifati va samaradorligini tobora oshirish maqsadida har yili mamlakatimizda “Bilimlar bellashuvi” intellektual musobaqasi muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu loyiha yosh avlodga bilim berishning yangi imkoniyatlarini ochib, iste'dodli o‘quvchilar safini tobora kengaytirmoqda.
Bellashuvning mamlakat bosqichida muvaffaqiyatli qatnashgan bolalar «Quyoshli» intellektual rivojlantirish oromgohida hordiq chiqarish imkoniga ega bo‘layotgani mamlakatimizda yoshlarga puxta bilim berish, iqtidor sohiblarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e'tiborning amaliy ifodasidir.
Oromgohda bolalar uchun turli fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlar bilan birga badiiy ijodiyot, sport-sog‘lomlashtirish to‘garaklari ish olib bormoqda. Ayni paytda olimlar, soha mutaxassislari, ilg‘or o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar ishtirokida mahorat saboqlari, o‘quvchilarning hayotiy ko‘nikmasini shakllantirishga oid mashg‘ulotlarning muayyan reja asosida o‘tkazilishi o‘g‘il-qizlarning bilimini tobora boyitish, ularning ma'naviyatini yuksaltirish, vatanparvarlik, fidoyilik, yurt taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘usini tobora kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Kasaba uyushmalari kengashi federatsiyasi tomonidan Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon tog‘i bag‘rida joylashgan ushbu so‘lim maskanda ta'lim-tarbiyaning inklyuziv shakli keng yo‘lga qo‘yilgani ahamiyatga molik. Bu yerda umumta'lim maktablari o‘quvchilari Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari bilan birgalikda sog‘lomlashtirilishi bolalarda o‘zaro yordam, bag‘rikenglik, xayrixohlik, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch, iroda va qat'iyat kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Izzatbek Solijonov Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Tinchlik shahridagi 1-umumta'lim maktabining 8-sinfida o‘qiydi. O‘tgan yillar mobaynida o‘tkazilgan bilimdonlar bellashuvida u matematika fani bo‘yicha uchinchi va ikkinchi o‘ringa, bu yil birinchi o‘ringa munosib topildi.
– Mamlakatimizda biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlikni o‘qish va ijodda, sportga bo‘lgan e'tiborda yaqqol ko‘rish mumkin, – deydi Izzatbek. – Men O‘zbekistondek osmoni musaffo, farovon mamlakat farzandi ekanimdan faxrlanaman.
Tadbirda «Bilimlar bellashuvi» intellektual bellashuvida g‘olib bo‘lgan bolalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA .