18:21 / 25.06.2015
3839

Buxorolik firibgar noqonuniy xalqaro qo‘ng‘iroqlar amalga oshirish yo‘li bilan “O‘zbektelekom”ga qariyb 150 ming dollar zarar keltirdi

Asli buxorolik Dilshod Sobirov Toshkentda noqonuniy xalqaro qo‘ng‘iroqlar amalga oshirish tizimini yaratib, u orqali qariyb 150 ming dollar zarar keltirdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Aytilishicha, u internet orqali yaxshigina maosh to‘lanadigan ish haqida e'lon uchratib, ko‘rsatilgan manzilga tegishli hujjatlarni yubordi. Uch kundan keyin unga Boris ismli kishi qo‘ng‘iroq qilib, maoshi oyiga 1.5 mln so‘m bo‘lishini, ammo buning uchun Toshkentdan uy topish kerakligini aytdi.
Dilshod o‘sha kuniyoq Yakkasaroy tumanida yashaydigan qarindoshi hamda Yashnabodda istiqomat qiladigan tanishlarining uylaridan bittadan xona ajratib berishni so‘radi. U yerda Boris tomonidan yuborilgan kompyuter jamlanmalarini joylashtirib, mamlakatning turli hududlarida ro‘yxatga olingan 156 dona SIM-kartani oldi.
Sobirov internet orqali noqonuniy telefon aloqalari tizimini tashkil qilib, ishga kirishdi. 2 oy davomida maxsus ruxsatnomasiz amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqlar 2 mln 656 ming 230 daqiqani tashkil qildi. Bu bilan “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasiga 148 ming 748 dollar ziyon yetkazildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sobirovning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Top