07:05 / 25.06.2015
2106

Chili Urugvayni 1:0 hisobida mag‘lub etib, Amerika Kubogining yarim finaliga yo‘l oldi

25 iyun kuni 2015 yilgi Amerika kubogi doirasidagi ilk chorak final uchrashuvi o‘tkazildi.

Musobaqa mezbonlari Chili terma jamoasi "Estadio Nasonal" o‘yingohidagi muxlislar qarshisida Urugvay termasi bilan bahs olib bordi va o‘yinning oxirgi 10 daqiqaligida kiritilgan gol evaziga g‘alaba qozondi.

Chililiklar yarimhimoyachisi Maurisio Isla 81 daqiqada o‘yindagi yagona golga mualliflik qildi.

Qayd etish joizki, o‘yinning 63 daqiqasida Urugvayning asosiy hujumchisi Edinson Kavani qizil kartochka olib, maydonni tark etishi o‘yin natijasiga ta'sir ko‘rsatdi. Bu vaziyatda chililiklar himoyachisi Xara Kavanining yoniga keladi va unga teginib, o‘zi yiqilib oladi. Bu simulyatsiyani payqashni istamagan hakam Sandro Meyra Richchi esa, Kavanini maydondan chetlatadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘yindan bir kun oldin uning otasi Luis Kavani Urugvayda mast holatda mashina haydab, odam urib yuborgani uchun qamoqqa olingan, Edinson bu uchrashuvda ishtirok etmasdan, vataniga qaytishi kutilayotgandi.

Shuningdek, o‘yinning 88 daqiqasida yana bir urugvaylik futbolchi Fusile ham qizil kartochka olgan.
Yarim final o‘yinlari 30 iyun kuni boshlanadi.

ChiliUrugvay 1:0
Gol: Isla, 81

Chili: Bravo, Xara, Mena, Valdiviya (Pisarro, 85), Vidal, Isla, Marselo Dias (Matias Fernandes, 71), Medel, Arangis, Aleksis Sanches, Vargas (Pinilya, 71)

Urugvay: Muslera, Fusile, Maksi Pereyra, Godin, Ximenes, Kristina Rodriges, Alvaro Gonsales, Arevalo-Rios, Karlos Sanches (Jonatan Rodriges, 85), Kavani, Rolan (Abel Ernandes, 58)

Ogohlantirishlar: Valdiviya, Isla, Pinilya – Kavani, Fusile, Maksi Pereyra

Chetlatishlar: Kavani, 63, Fusile, 88

Top