08:39 / 25.06.2015
1461

Finlyandiya terma jamoasi uchun internet orqali yangi bosh murabbiy izlanmoqda

Futbol bo‘yicha Finlyandiya terma jamoasi uchun yangi bosh murabbiy internetga e'lon berish orqali qidirilmoqda.

Bu e'lon Finlyandiya futbol uyushmasining rasmiy saytiga joylashtirilgan.

Nomzodlar 3 avgustgacha murojaat qilishlari mumkin.

Qayd etilishicha, nomzod UYeFAdan murabbiylik Pro litsenziyasini olgan bo‘lishi, futbolda o‘zining zamonaviy g‘oyalariga ega bo‘lishi hamda o‘z oldiga katta maqsad qo‘ya olishi kerak.

Shuningdek, Finlyandiya terma jamoasini boshqarish istagida bo‘lgan mutaxassislar jahon va fin futbolini yaxshi tushunishi hamda ma'lum tajribaga egaligi talab etiladi.

Ma'lum qilinishicha, uyushma yangi bosh murabbiyga 2 yoki 4 yillik shartnoma taklif etadi. Ishga olingan mutaxassis kuz faslidan terma jamoani Yevro-2016 saralashi o‘yinlarida boshqarishni boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, termaning sobiq bosh murabbiyi Miksu Paatelaynen 14 iyun kuni iste'foga chiqarilgandi.

Finlyandiya Yevro-2016 saralashini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda. Jamoa "F" guruhida 6 turdan keyin 1 g‘alaba, 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etgan holda 4 ochko bilan 5 o‘rinda joylashgan.

Top