Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘FF prezidenti olimpiya terma jamoasi omad tufayli sharmandagarchilikdan qutulib qolganini ta'kidladi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining oxirgi o‘yinlari va jahon chempionati saralash bahslarini mag‘lubiyat bilan boshlagani, shuningdek, olimpiya terma jamoasining 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati saralash o‘yinlarini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazganligi to‘g‘risidagi masalalarga bag‘ishlangan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining Ijroiya Qo‘mitasi majlisida O‘FF prezidenti olimpiya terma jamoasining Osiyo chempionati saralashida ko‘rsatgan o‘yinini sharmandagarchilik deya baholadi.
«Olimpiya terma jamoasining Osiyo chempionatiga zo‘rg‘a chiqqanligini biz faqat va faqat omadga yo‘yishimiz kerak. Biz o‘z kuchimiz bilan chiqmadik, bizga faqat omad kulib boqdi. Sharmandagarchilikdan qanday qutulib qolganimizni butun Osiyo ko‘rdi. Bunda federatsiyadagi hamma aybdor!» dedi Usmonov.
«Bugun futbol O‘zbekistonda nafaqat stadionda, balki mamlakatimizning har bir chekkasida mavjud. Yoshlar futbol o‘ynayapti. Yangi futbol maktablari qurilmoqda. Unda yangi iste'dodlar kashf qilinyapti. Bir so‘z bilan aytganda, futbolda oliy maqsadlarni ko‘zlash uchun bugun eng yaxshi sharoit va qulayliklar tayyorlab berildi. Lekin ming afsuski, yaratib berilgan sharoitlarga yarasha natijalar bo‘lmayapti», deya O‘FF rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltiradi tashkilot rasmiy sayti.
Federatsiya prezidenti sharoitlar yaratib berildimi, ularning mevasini ham talab qilish vaqti allaqachon yetganligini ham alohida urg‘uladi.