O‘zbekiston | 13:05 / 25.06.2015
2421
2 daqiqa o‘qiladi

Oktyabrda o‘zbekistonlik stajyorlar Yaponiyaga yo‘l oladi

O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Yaponiya ta'lim sohasidagi xalqaro hamkorlik tashkiloti (JITCO) bilan kelishuvi amalga tatbiq etila boshlandi. Ushbu kelishuv doirasida o‘zbekistonlik stajyorlarning birinchi guruhi joriy yilning oktabrida Yaponiyaga yo‘l oladi. Bu vazirlik matbuot xizmatining tahririyatga yo‘llagan xabarnomasida aytib o‘tilgan.
23 iyun kuni mehnat vaziri A. Abduhakimov Yaponiyaning Chuo Sangyo Shinko uyushmasi rahbarlari Masaki Uno va Kazumi Mayeda, shuningdek, Towa Kawara Kenzai kompaniyasi prezidenti Noboru Shimazaki bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Fumixiko Kato ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar ilgariroq imzolangan o‘zbekistonlik stajyorlarni Yaponiyada texnik tayyorlash borasidagi memorandumni amalga tatbiq etishga tayyorligini ma'lum qildi.
2015 yil fevralidan buyon Chuo Sangyo Shinko vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib, kasb-hunar kollejlaridagi ta'lim jarayonlarini kuzatishdi. Ular kollejlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanayotganiga ishonch hosil qilishdi. Shundan so‘ng olib borilgan muzokaralardan so‘ng tomonlar o‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada 2 yil davomida mehnat stajirovkasini o‘tashi borasida kelishuvga erishdi.

Shu maqsadda Yaponiya kompaniyalari vakillari 30dan ortiq nomzod bilan suhbat olib bordi. Asosiy ko‘rsatkichlar sifatida mehnatga layoqatlilik va yapon tilini bilish hisoblandi. Tanlab olingan nomzodlar til o‘rganish kurslaridan o‘tganidan so‘ng xorijga yuboriladi.
“Stajyorni texnik tayyorlash” dasturi Chuo Sangyo Shinko uyushmasining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlikning qo‘shma loyihasi bo‘lib, uning doirasida xorijlik mutaxassislar Yaponiyadagi ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilinadi. Dastur doirasida tuziladigan mehnat shartnomalari 2 yilga mo‘ljallanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish