Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘z o‘limini sahnalashtirgan AQShlik giyohvandfurush 40 yil Avstraliyada yashagani ma'lum bo‘ldi
Avstraliyada o‘zini 40 yil davomida qonunlarga amal qiluvchi fuqaro sifatida ko‘rsatib kelgan, avval asli giyohvand moddalar sotish bilan shug‘ullangan AQShlik giyohvandfurush yo‘l-transport hodisasi natijasida halok bo‘ldi. U o‘z vaqtida AQShda o‘z o‘limini sahnalashtirib, sud taqibidan qochishga muvaffaq bo‘lgan edi.
1974 yilda AQSh politsiyasi 37 yoshli Reymond Greydi Stensel ismli shaxsni giyohvand moddalar sotishda, jumladan Markaziy Amerikadan Floridaga 12 tonna nasha kontrabanda qilganlikda gumon qilib, hibsga olgan edi. Stensel 500 ming dollar garov puli evaziga vaqtinchalik ozodlikka chiqarilgan.
Stensel 1975 yilning 5 yanvarida sudga kelishi kerak bo‘lgan, biroq u aytilgan vaqtda kelmagan. Stenselning advokati uning Gondurasda akvalang bilan suzayotganda cho‘kib ketganini aytgan.
Bu haqda advokatga go‘yoki Stenselning o‘limi kuni u bilan birga qayiqda bo‘lgan Stenselning ma'shuqasi Jenet Vud xabar bergan. Qutqaruvchilar jasadni topa olishmagan, biroq hukumat uni halok bo‘lgan deb hisoblab, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni bekor qilgan.
Aslida esa Stensel o‘z o‘limini ataylab sahnalashtirgan. U rafiqasi va to‘rt farzandini qoldirib, ma'shuqasi bilan yangi hayot boshlash ilinjida dunyo bo‘ylab sayohatga jo‘nab ketgan. Ular ko‘p joylarda bo‘lganlar va oxir-oqibat Avstraliyaning Kvinslend shahrida qolishga qaror qilishgan.
Ular turmush qurib, ikki farzand ko‘rishgan. Stensel qolgan umrini Dennis Li Lafferti nomi bilan turoperator sifatida ishlab o‘tkazgan va o‘zi yashaydigan joylarda boobro‘ odamga aylangan. 2015 yilning may oyida 78 yoshli Stensel mashina haydab ketayotganda, yo‘lda burilayotganda daraxtga urilib, voqea joyida halok bo‘lgan.
Stenselning avvalgi hayotidan uning faqatgina bir nechta yaqin do‘stlari xabardor bo‘lgan. Iyun oyi o‘rtalarida uning do‘stlari va rafiqasi Vud jurnalistlarga haqiqatni aytishga qaror qilishgan.