Texnologiya | 01:12 / 25.06.2015
5330
7 daqiqa o‘qiladi

Yuqori texnologiyalar taraqqiyotga eltadi

Toshkentda “Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va jamiyatni demokratlashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti va Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar va xodimlari, axborot sohasi mutaxassislari hamda ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Avstraliya, Latviya va Gruziyadan axborot texnologiyalari sohasi ekspertlari qatnashdi.

Davra suhbatida mamlakatimiz Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish, axborot sohasiga doir milliy qonunchilikni izchil takomillashtirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va jamiyatni demokratik yangilashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, davlat va jamiyat qurilishi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish borasidagi xalqaro tajriba muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamurotov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Xurshid Mirzohidov va boshqalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, ularni davlat boshqaruvi va iqtisodiyotimizning barcha sohalariga tatbiq qilish O‘zbekiston davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta'kidladi. Buning samarasida mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yillarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida xalqaro miqyosda e'tirof etilgan mintaqada yetakchi davlatga aylandi.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining amalga oshirilishi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Kontseptsiyada belgilangan muhim vazifalar inobatga olingan holda, davlat organlari, fuqarolar va tashkilotlarga axborot jamiyati sharoitida faoliyat ko‘rsatish imkonini beradigan me'yoriy-huquqiy va uslubiy baza izchil takomillashtirilmoqda. Buning uchun esa axborot xizmatlari ko‘rsatishning yagona standartlari joriy etilmoqda. Ushbu xizmatlar resurslar, ma'lumotlar bazasi va axborot tizimlarining yuqori darajadagi axborot xavfsizligini ta'minlashga ko‘maklashadi.

– O‘zbekistonda aholi turmush sifati va darajasini ko‘tarish maqsadida barcha sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga katta e'tibor qaratilayotgani quvonarlidir, – deydi “Huawei Technologies Co.Ltd” tarmoqlarini rivojlantirish va biznes bo‘yicha konsaltingi prezidenti Pol Maykl Skanlan (Xitoy). – Kompaniyamiz O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotganiga 15 yildan oshdi va dasturiy ishlanmalar uchun katta miqdorda mablag‘ sarflamoqda. Prezident Islom Karimov tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion va ilg‘or chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda “elektron hukumat” tizimini shakllantirish va keng qo‘llashga qaratilgan 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturining bu boradagi o‘rni va ahamiyati alohida qayd etildi. Ushbu dastur aholining davlat hokimiyati organlari bilan elektron shaklda hamkorlik qilishini ta'minlash, davlat boshqaruvi tizimiga “bir oyna” tamoyilini joriy etish kabi vazifalarni hal etishni o‘z ichiga oladi. Dasturda axborot tizimlari komplekslari va “elektron hukumat” tizimining ma'lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha tadbirlar ham belgilangan.

Unga muvofiq, mamlakatimizda biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilayotir.

– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida O‘zbekiston tajribasi bilan yaxshi tanishman, – deydi Riga xalqaro oliy iqtisodiyot va amaliy ma'murlashtirish maktabi boshqaruvi a'zosi va “Elektron biznes” dasturi direktori Ina Gudel (Latviya). – Mamlakatingiz ushbu sohada salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Negaki, ushbu yo‘nalishdagi eng yaxshi jahon tajribasini amaliyotga tatbiq etmoqda. O‘zbekistonda “bir oyna” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish ommalashib bormoqda va bu mamlakatingizda biznes yuritish hamda investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va ishonchliligini ta'minlash, ularning aholi bilan hamkorligi samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi. Ayni paytda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu qonunning qabul qilinishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.

Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijalariga ham e'tibor qaratdi. Bugungi kunda “elektron hukumat”ni rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalar va tadbirlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

– O‘zbekiston qisqa vaqt ichida “elektron hukumat” tizimini joriy etishda katta yutuqlarga erishdi, – dedi Koreya tadqiqotlar va mintaqalarni axborotlashtirishni rivojlantirish institutining katta direktori Jin Van So (Koreya Respublikasi). – Davlat xizmatlarining onlayn rejimiga o‘tkazilishi fuqarolarning ulardan foydalanishini yengillashtirish barobarida vaqt va mablag‘ tejash imkonini beradi.

Ishtirokchilar aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga “bir oyna” tamoyili bo‘yicha interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatayotgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati bilan tanishtirildi. Bugungi kunda portal yigirmadan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 240 dan ziyod interaktiv xizmatdan foydalanish imkonini bermoqda. Davlat xizmatlarini qamrab olish darajasi kengaytirilib, bu boradagi vazifalar takomillashtirilgan holda yanada rivojlantirilmoqda.

Tadbirda bugungi sharoitda axborotdan keng foydalanishni ta'minlashning omili sifatida telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa tizimlari, tarmoqlari va infratuzilmalari, raqamli televideniyeni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va boshqa masalalarga bag‘ishlangan ma'ruzalar muhokama qilindi.

Mehribon Mametova, O‘zA

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish