18:04 / 26.06.2015
24608

Andijonlik bog‘dor kivi yetishtirmoqda

Andijonning Shirmonbuloq qishlog‘ida bog‘bon Habibullo Sulaymonov tomonidan kivi mevasi yetishtirilmoqda. Bu haqda milliy teleradiokompaniyaning “Mening bog‘im” ko‘rsatuvi orqali xabar qilindi.

“Otam rahmatli turli-tuman mevalarga juda qiziqardi, — deydi bog‘bon. — U kishi respublikamizda birinchilardan bo‘lib limon, yapon xurmosi, xitoy unabisi, kivini ekkan. Kivi mevasi dorivorligi jihatidan papayyadan keyingi o‘rinda turadi. Ko‘rib turganingizdek, bizning sharoitda ham bemalol o‘stirsa bo‘ladi. Bunga tuproq va iqlimimiz ham mos keladi, yaxshi hosil beradi. Hovlimizda meva beradigan ikki tup kivi daraxti o‘sadi. Yana ikki tupi hali hosilga kirgani yo‘q. Kivi daraxti respublikamizda o‘sadigan xurmodan keyin gullaydi. Juda sermeva daraxt hi¬soblanadi. Kichkina shoxning o‘zida yigirmata mevasi bor. Yaxshi parvarishlansa, bir tupidan 100 kilogrammga yetadigan hosil olish mumkin”.

“Qishda yopmaymiz. Otam kivi ko‘chati ekkanida tomorqaning old tarafida, 70 metr kenglikda iliq shamol o‘tishini ham hisobga olgan ekan. Shu bois yopib, ko‘mib yoki o‘rab o‘tirmaymiz. Sovuqqa chidamliligi esa, shaxsiy kuzatuvimga ko‘ra, anor daraxtiga to‘g‘ri kelarkan. Siz ko‘rib turgan kivi daraxti 1999 yilda ekilgan. Hozir bo‘yi so‘ritok bo‘ylab 15-20 metrgacha yetadi”, – qo‘shimcha qildi u.

Top