Sport | 17:32 / 26.06.2015
2808
2 daqiqa o‘qiladi

“Maynts” klubi Kavaniga axloqsizlik qilgan futbolchini sotib yuboradi

Germaniyaning “Maynts” klubi Chili terma jamoasi himoyachisi Gonsalo Xaruni sotib yuboradi. Bu haqda Bild nashri yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Chili va Urugvay o‘rtasida Amerika Kubogi chorak final bahsi ketayotgan paytda Xara Kavanining orqasiga o‘rta barmog‘i bilan ko‘p ma'noli harakat qildi. Kavani unga noroziligini bildirib, qo‘lini siltaganida, Xara simulyatsiya ishlatib, yiqilib tushdi. Voqeani boshidan kuzatmagan hakam urugvaylik hujumchiga qizil kartochka ko‘rsatdi. Uchrashuv 1:0 hisobida Chilining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bu voqea “Maynts” rasmiylarini Xaradan qutulish haqida o‘ylashga majbur qildi.
“Uning qo‘pol harakatidan ko‘ra keyin qilgan ishi jahlimni chiqardi. Simulyatsiyani yomon ko‘raman”, – dedi klub sport direktori Kristian Xaydel, ushbu yangilikka fikr bildirar ekan.
O‘z qilig‘i uchun Xara turnirning oxiriga qadar diskvalifikatsiya qilindi. Uchrashuv bosh hakami ham musobaqa so‘ngiga qadar hakamlik qilishdan chetlashtirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish